Muminun surasi



23.101 . Bas, qachonki, sur chalinganida (qiyomat boshlanganida,) ana o'sha kuni ularning o'rtalarida (hech qanday) nasablar qolmas va ular o'zaro savol-javob ham qila olmaslar.

23.102 . Bas, kimning (yaxshilik) mezonlari og'ir kelsa, bas, ana o'shalar iqbollidirlar.

23.103 . Kimning mezonlari yengil bo'lsa, bas, ana o'shalar o'zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qoluvchidirlar.

23.104 . Yuzlarini o't kuydirgach, ular u yerda badbashara bo'lib qoluvchidirlar.

23.105 . (Ularga): "Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilinar, sizlar esa ularni yolg'onga yo'ygan emasmidingizlar?!" (deyilganida),

23.106 . ular deydilar: "Ey, Rabbimiz! Badbaxtligimiz bizlarga g'olib kelib, adashgan qavm bo'lib qolgan ekanmiz.

23.107 . Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan dunyoga) chiqargin. Bas, agar yana (kufr va tug'yonga) qaytsak, u holda biz shaksiz (o'zimizga) zulm qiluvchidirmiz".

23.108 . (Alloh) aytadi: "(Jahannamda) xor bo'lingiz va Menga so'z qotmangiz!

23.109 . Darvoqe, Mening bandalarim ichida bir guruh bor edi. Ular: "Ey, Rabbimiz! (o'zingga) imon keltirdik. Bas, bizlarni mag'firat qilgin va bizlarga rahm ayla. Sen o'zing rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan", - der edilar.

23.110 . Bas, sizlar ularni masxara qildingiz, hatto ular (bu kulish) sizlarga Meni eslashni unuttirdi. Sizlar ulardan kulgan edingiz.

23.111 . Men bugun ularni sabr qilganlari sababli mukofotladim - ular haqiqatan yutuqqa erishuvchidirlar".

23.112 . "Yerda yillar hisobi bo'yicha qancha turdingizlar?" - deydi (Alloh).

23.113 . Ular aytadilar: "Bir kun yoki yarim kun. Sanab turuvchi (farishtalar)dan so'ragin!"

23.114 . (Alloh) deydi: "Agar sizlar biladigan bo'lsangizlar, (dunyoda) juda oz turdingizlar.

23.115 . Yoki sizlarning gumoningizcha, Biz sizlarni behuda yaratdigu, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysizlarmi?!"

23.116 . Zotan, haqqoniy Podshoh - Alloh yuksakdir. Undan o'zga iloh yo'qdir va (U) ulug' Arshning rabbidir.

23.117 . Kimki o'zida hech qanday hujjat bo'lmagan holda Alloh bilan birga boshqa (biror) "iloh"ga iltijo qilsa, bas, uning hisob-kitobi Parvardigorning huzuridadir. Albatta, kofir bo'lganlar najot topmaslar!

23.118 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Ey, Rabbim! (gunohlarimizni) mag'firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen (o'zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan!".



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11