Enbiya surasi



21.21 . Yoki ular (mushriklar) yerdan (tosh, yog'ochlardan o'liklarni) tiriltira oladigan "ilohlarni" o'zlashtirdilarmi?!

21.22 . Agar ikkisi (Yer va osmon)da Allohdan o'zga ilohlar bo'lganida, har ikkisi buzilib ketgan bo'lur edi. Bas, Arsh egasi bo'lmish Alloh ular sifatlayotgan (sheriklardan) pokdir.

21.23 . U o'zi qiladigan biror narsa haqida javobgar emas, balki ular (bandalar) javobgardirlar.

21.24 . Yoki Uni qo'yib (boshqa) "iloh"larni o'zlashtirdilarmi?! (Ey, Muhammad,) ayting: "Hujjatingizni keltiringiz! Mana shu men bilan birga bo'lgan (mo'minlarning) eslatmasi (Qur'on) va mendan avvalgilarning eslatmalari (Tavrot, Injil). Yo'q, ularning aksariyati Haqiqatni bilmay turib, (Undan) yuz o'giruvchilardir".

21.25 . (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg'ambarga ham: "Mendan o'zga iloh yo'q, bas, Menga ibodat qilinglar", - deb vahiy yuborgandirmiz.

21.26 . Ular (ya'ni mushriklar): "Rahmonning (farishtalardan) bolasi bor", - deydilar. U esa bundan mutlaqo pokdir! Yo'q, (farishtalar) azizu mukarram bandalardir.

21.27 . (Farishtalar) Undan ilgari biror so'z aytmaydilar. Ular (Allohning) amri bilangina ish qilurlar.

21.28 . (U) ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o'tgan) ishlarini bilur. Ular faqat (Alloh) rozi bo'lgan kishilarnigina shafoat qilurlar. Ularning (o'zlari) Undan xavfsirab qo'rqib tururlar.

21.29 . Ulardan qaysi biri: "Men ham (Allohdan) o'zga bir ilohman", desa, bas, Biz o'shani jahannam bilan jazolaymiz. Barcha zolimlarni ana shunday jazolaymiz.

21.30 . Kofir bo'lganlar osmonlar ham, Yer ham (avvalda) yaxlit bo'lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko'rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next