Enbiya surasi21.1 . Odamlarga hisobotlari (qiyomat kuni) yaqinlashib qoldi. Ular hanuz g'aflatda, (imon va amaldan) yuz o'giruvchidirlar. 21.2 . Ularga Parvardigorlari (tomoni)dan biror yangi eslatma (oyat) kelsa, albatta, uni o'ynab (masxaralab) turib tinglaydilar. 21.3 . Dillari esa g'ofildir. Zolim (kofir)lar: "Bu (Muhammad) o'zlaringizga o'xshagan bir odam-ku! Ko'rib turib, sehrga (aldanish uchun) kelaverasizlarmi?!" - (deb) o'zaro shivirlashdilar. 21.4 . (Shunda Muhammad) aytdi: "Rabbim osmonu zamindagi (har bir) so'zni bilur. U eshituvchi va biluvchidir". 21.5 . "Balki, - dedilar ular. - (Muhammad vahiy deb da'vo qilayotgan so'zlar) – alg'ov-dalg'ov tushlardir, balki uni o'zi to'qib olgandir, balki u shoirdir. Bas, u ham ilgari yuborilgan payg'ambarlar kabi biror mo''jiza keltirsin!" 21.6 . Ulardan oldin, Biz halok qilgan biror shahar (aholisi) imon keltirgan emas, bas, ular imon keltirarmidilar?! 21.7 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizdan ilgari ham faqat erkaklarni o'zimiz vahiy qilgan holda (payg'ambar etib) yuborganmiz. Bas, (ey, Makka ahli,) agar bilmaydigan bo'lsangizlar, (Tavrot, Injilni biladigan) zikr ahlidan so'ranglar! 21.8 . Biz u (payg'ambar)larni taom yemaydigan bir jasad qilgan emasmiz va ular mangu hayot kechiruvchi ham emas edilar. 21.9 . So'ngra (bergan) va'damizga vafo qilib, u (payg'ambar)larga o'zimiz xohlagan imonli kishilar bilan birga najot berganmiz va haddan oshuvchilarni esa halok qilganmiz. 21.10 . Darhaqiqat, sizlarga Kitob (Qur'on) nozil qildik. Unda sizlarning zikringiz bordir. (Buni) anglamaysizlarmi?!
|