Enbiya surasi



21.80 . Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishdan saqlaydigan sovut yasash san'atini ta'lim berdik. Bas, sizlar shukr qiluvchimisizlar?!

21.81 . Sulaymonga esa bo'ronli shamolni (bo'yin sundirib), uning amri bilan Biz muborak qilgan zamin (Shom) sari esadigan (qilib qo'ydik). Biz barcha narsani biluvchidirmiz.

21.82 . Yana shayton (jin)lardan u (Sulaymon) uchun g'avvoslik qiladigan va bundan boshqa ishlarni ham ado etadiganlarini (yaratdik). Yana Biz ularni qo'riqlab turuvchi bo'ldik.

21.83 . Ayyubning esa Parvardigoriga nido qilib: "(Parvardigorim,) menga musibat yetishdi. O'zing rahmlilarning rahmlirog'idirsan", - deb iltijo qilgan paytini (eslang).

21.84 . Bas, Biz uni (duosini) mustajob qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda o'z huzurimizdan mehribonlik ko'rsatib, barcha ibodat qiluvchilarga eslatma bo'lsin, deb (Ayyubga) oilasini va ular bilan qo'shib, yana ularning barobarida ahlu avlod ato etdik.

21.85 . Ismoil, Idris va Zul-kiflni (eslang). Barchalari sabr qiluvchilardandir.

21.86 . Biz ularni o'z rahmatimizga doxil qildik. Darhaqiqat, ular solih zotlardandir.

21.87 . Zunnun (Yunus)ning (o'z qavmidan) g'azablangan holda (qishlog'idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o'ylagan paytini, so'ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong'u zulmatlar ichra: "Sendan o'zga iloh yo'qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o'zimga) zulm qiluvchilardan bo'ldim", - deb nido qilgan (paytini eslang)!

21.88 . Bas, Biz uning (duosini) mustajob qildik va uni g'amdan qutqardik. Biz mo'minlarga mana shunday najot berurmiz.

21.89 . Zakariyoning: "Ey, Rabbim, meni yolg'iz tashlab qo'yma (merosxo'r farzand ato et), o'zing vorislarning yaxshirog'idirsan", - deb nido qilgan paytini (eslang).



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next