Tavba surasu9.80 . Ular uchun (Siz) xoh kechirim so'rang, xoh kechirim so'ramang - agar yetmish bor ular uchun kechirim so'rasangiz ham - Alloh sira ularni kechirmagay. Bu ularning Alloh va Rasuliga kufr keltirganlaridandir. Alloh esa fosiqlar qavmini hidoyat qilmagay. 9.81 . (Jangdan soxta uzrlar bilan) qolganlar Allohning rasuliga xilof qilib o'tirishlaridan (o'zlari) shod bo'ldilar va mollariyu jonlari bilan Alloh yo'lida jihod qilishni yoqtirmadilar. Hamda: "Issiqda (jangga) chiqmanglar!" - deyishdi. Ayting: "Agar anglaganlarida edi, jahannam olovi (undan) issiqroqdir". 9.82 . Bas, (ular) qilmishlarining jazosi uchun (bu dunyoda) oz kulsinlar va (oxiratda) ko'p yig'lasinlar! 9.83 . Bas, agar Alloh Sizni (yana) biror toifa (yov)ga (to'qnashish uchun) qaytarganda Sizdan (jangga) chiqishga izn so'rasalar, ayting: "Men bilan birga (endi) sira chiqmaysizlar va Men bilan birga biror dushmanga qarshi urushmaysizlar ham. Zero, sizlar avvalgi gal (jangga chiqmay) o'tirishga rozi bo'ldingizlar. Yana qoluvchilar bilan (qolib) o'tiraveringizlar!" 9.84 . Ulardan o'lgan biror kishiga zinhor janoza namozini o'qimang va qabri ustida ham turmang! Zero, ular Allohga va Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiqlik hollarida o'ldilar. 9.85 . Ularning mol-mulklari va farzandlari (ko'pligi) Sizni taajjublantirmasin! Zero, Alloh ularni (shu dunyoda) o'shalar (tashvishlari) sababli azoblashni va kofirlik hollarida jonlari chiqishini iroda etadi. 9.86 . "Allohga imon keltiringiz va Rasuli bilan birga jihod qilingiz!" - degan (mazmundagi) sura (oyat) nozil qilinsa, ularning iqtidorli (boy)lari (darhol) izn so'rab: "Bizni qo'ygin, o'tiruvchilar bilan birga bo'laylik!" - deydilar. 9.87 . (Ular) qoluvchi (ayol va bola)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Dillari esa muhrlab qo'yildi. Bas, ular (jihodning fazlini) anglamaydilar. 9.88 . Lekin, Rasul va u bilan birga imon keltirganlar jonlari va mollari bilan jihod qildilar. Yaxshiliklar ana o'shalar uchundir va tolei yor kishilar ham aynan o'shalardir. 9.89 . Alloh ular uchun ostidan anhorlar oqadigan, unda mangu qolinadigan jannat (bog')larni tayyorlab qo'ygandir. Ana o'sha - ulkan yutuqdir.
|