Tavba surasu



9.100 . Muhojirlar va ansorlarning dastlabki peshqadamlari hamda ular ortidan ezgulik bilan borganlardan Alloh rozi bo'ldi, ular ham Undan rozi bo'ldilar. Yana ular uchun ostida anhorlar oquvchi, (ular) unda abadiy mangu qoladigan (jannat) bog'larini tayyorlab qo'ydi. Ana o'sha ulkan yutuqdir.

9.101 . Tevaragingizdagi a'robiylar va Madina aholisi ichida ( ya`ni o`zini sizga yaqin qilib yurgan sahobalar ichida ) munofiqlar bor. (Ular) nifoqda bardavomdirlar. Ularni (Siz) bilmaysiz, ularni Biz bilamiz. Albatta, ularni ikki bor azoblaymiz. So'ngra (qiyomatda) ulkan azob (do'zax)ga qaytarilurlar.

9.102 . Yana boshqalari ham borki, gunohlarini tan olurlar. Yaxshi ishni boshqa – yomoniga aralashtirib yuborganlar. Alloh ularning tavbalarini shoyad qabul qilsa. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.103 . Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir.

9.104 . Ular Allohning bandalari tomonidan (qilinadigan) tavbani qabul etishini, sadaqalarni olishini hamda Alloh tavbalarini qabul etuvchi va rahmli ekanligini bilmaganmidilar?!

9.105 . Ayting: "Ishlangizlar! Albatta, Alloh, Rasuli va mo'minlar ishlaringizni ko'rajaklar. Shuningdek, albatta, g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot) huzuriga qaytarilursizlar. Bas, (o'shanda) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur.

9.106 . Yana Allohning amriga havola etilgan boshqalari ham borki, ularni yo azoblar yoki tavbalarini qabul etar. Alloh bilimli va hikmatlidir.

9.107 . Yana shundaylar ham borki, ular (mo’minlarga) zarar yetkazish, kufr, mo'minlar orasiga tafriqa solish va oldin Alloh va (Uning) Rasuliga qarshi urushgan (bir) kishiga ko'z tutish uchun masjid qurib oldilar. Yana: "Faqat (bundan) yaxshilikni istagan edik",-deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg'onchidirlar!

9.108 . (Ey, Muhammad,) zinhor (Siz) unda (namoz o'qish uchun) turmang! Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid - Sizning o'shanda turishingiz loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko'radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar.

9.109 . Binolarini Allohdan (beriluvchi) taqvo va rozilik asosida qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga qulayotgan jar yoqasini asos qilib olgan va shu sababli (o'zi ham) jahannam o'tiga qulagan kishimi?! Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmagay.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 next