Tavba surasu



9.60 . Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchilar, (haq to'lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo'lida hamda yo'lovchiga (berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli (zot)dir.

9.61 . Ular ichida Payg'ambarga aziyat yetkazadigan va "U quloq" (eshitganiga ishonaveradigan)dir deydiganlar ham bor. Ayting: "(U) yaxshilik qulog'i, Allohga imon keltiruvchi, mo'minlarga ishonuvchi va sizlardan imon keltirganlaringiz uchun rahmat (manbai)dir. Allohning Rasuliga aziyat yetkazadiganlar - ular uchun alamli azob (bor)dir".

9.62 . Ular (munofiqlar) sizlarni qoniqtirish uchun (Payg'ambarga aziyat yetkazmadik, deb) qasam ichadilar. Agar mo'min bo'lsalar, (bilib qo'ysinlarki) qoniqtirishlariga Alloh va Rasuli loyiqroqdir.

9.63 . Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo'lishini bilmaganmidilar?! Bu ulkan sharmsorlik-ku!

9.64 . Munofiqlar o'zlari haqida dillaridagi narsa (munofiqlik)ni fosh qiladigan sura nozil qilinishidan qo'rqib turadilar. Ayting: "Masxara qilaveringiz, Alloh siz qo'rqayotgan (o'sha) narsani (yuzaga) chiqaruvchidir".

9.65 . Qasamki, agar ulardan (nega masxara qilasiz, deb) so'rasangiz, albatta, ular: "Biz faqat (bahsga) cho'mib, hazillashyapmiz", - deyishadi. Ayting: "Allohni, oyatlarini va Rasulini masxara qilayotgan edingizmi?!"

9.66 . Uzr aytmangiz! Imoningizdan keyin (yana) kufrga ketgansiz. Agar sizlardan bir toifani (tavba qilgach) afv etsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo'lganlari sababli azoblaymiz.

9.67 . Munofiq erkaklar bilan munofiq ayollar bir-birlaridandirlar*. (Ular odamlarni) yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan qaytaradilar va qo'llarini (xayr-ehsondan) yumadilar. Allohni unutishgach, (U) ham ularni "unutadi". Munofiqlar, albatta, fosiqdirlar.

9.68 . Munofiqlar, munofiqalar va kofirlarga Alloh (ular) abadiy qoladigan jahannam olovini va'da qildi. Ularga u kifoyadir. Ularni Alloh la'natladi. Ular uchun yana doimiy azob bordir.

9.69 . (Sizlar, ey, munofiqlar!) Xuddi sizlardan oldingi (munofiq)larga o'xshaysizlar. (Ular) sizlardan quvvatliroq, mol-mulklari va farzandlari ko'proq edi, nasibalaridan bahramand bo'ldilar. Sizlardan oldingilar nasibalaridan bahramand bo'lganlari kabi Sizlar ham (o'z) nasibalaringizdan bahramand bo'ldingiz va (ular) sho'ng'igan narsa (zalolat)ga (sizlar ham) sho'ng'idingiz. Ana o'shalarning (dunyoda qilgan savobli) amallari behuda ketdi. Ziyon ko'ruvchilar ham ana o'shalardir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 next