Tavba surasu



9.21 . Parvardigorlari ularga O'z tarafidan rahmat, rizolik va ular uchun ne'matlari doimiy (bo'lmish) jannat (bog')lari to'g'risida xushxabar berur.

9.22 . (Ular) o'sha joylarda mangu qolurlar. Albatta, Allohning huzuridagina ulkan mukofot(lar) bordir.

9.23 . Ey, imon keltirganlar! Agar imondan kufrni yaxshiroq ko'rsalar, ota-onalaringiz va aka-ukalaringizni (ham) do'st tutmangiz! Sizlardan kimki ularni do'st tutsa, bas, ana o'shalar zolimlardir.

9.24 . Ayting (ey, Muhammad): "Agar otalaringiz, farzandlaringiz, aka-ukalaringiz, xotinlaringiz, qarindoshlaringiz, mehnat bilan topgan mol-mulklaringiz, kasod bo'lishidan qo'rqqan tijoratingiz va yoqtirgan maskanlaringiz, sizlar uchun Alloh va Rasulidan (Madinaga hijrat qilishdan), Uning (toati) yo'lidagi jiddu jahd qilishdan (ko'ra) suyukliroq bo'lsa, (unda) to Alloh o'z amri (azobi)ni keltirguniga qadar kutib turingiz! Alloh (esa) fosiqlar qavmini hidoyat etmagay."

9.25 . Alloh sizlarni ko'p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g'olib etdi. O'shanda (son jihatdan) ko'pligingiz sizlarni mag'rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o'zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So'ngra ortingizga chekindingiz.

9.26 . So'ngra Alloh Rasuliga va mo'minlarga O'zining taskini (xotirjamligi)ni nozil etdi hamda sizlar oldin ko'rmagan lashkarlar (farishtalar)ni tushirdi va kofir bo'lganlarni azobladi. Bu kofirlarning jazosidir.

9.27 . So'ngra, o'sha (jang)dan keyin Alloh (O'zi) xohlaganlarning tavbasini qabul etadi. Alloh kechirimli va rahmlidir.

9.28 . Ey, imon keltirganlar! Albatta, mushriklar najas (nopok)dirlar*. Shu yillaridan keyin (ular) Masjidi Harom (Ka'ba)ga yaqinlashmasinlar! Agar (sizlar) faqirlikdan qo'rqsangiz, Alloh xohlasa, O'z fazli bilan sizlarni boyitajak. Albatta, Alloh bilimli va hikmatli (zot)dir.

9.29 . Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan, Alloh va Rasuli harom qilgan narsalarni harom sanamaydigan, haq din (Islom)ni din qilib olmaydigan ahli kitoblardan iborat kishilarga qarshi - to ular o'zlarini past tutib, jizya (soliq)ni naqd bermagunlaricha - jang qilingiz!

9.30 . Yahudiylar: "Uzayr - Allohning o'g'li", - dedilar, nasroniylar: "(Iso) Masih - Allohning o'g'li", - dedilar. Bu ularning og'izlaridagi (botil) gaplaridir. (Bu gaplari) xuddi avvalgi kofir bo'lganlarning gapiga o'xshaydi. Alloh ursin ularni! Qayoqqa og'ib ketmoqdalar?!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 next