Tavba surasu9.31 . (Ular) Allohni qo'yib, o'zlarining donishmandlari va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni rabb (iloh) qilib oldilar. Vaholanki, Yolg'iz Allohgagina ibodat qilishga buyurilgan edilar. Undan o'zga iloh yo'q! (Ularning) keltirgan shirklaridan U pokdir. 9.32 . (Ular) Allohning nuri (dini)ni og'izlari (inkorlari va shirklari) bilan o'chirmoqchi (yo'q qilmoqchi) bo'ladilar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasalar-da, O'z nurini kamoliga yetkazmasdan qo'ymagay.
9.33 . U Rasulini hidoyat va haq din bilan - garchi mushriklar yoqtirmasalar-da - barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan zotdir. 9.34 . Ey, imon keltirganlar! (Nasroniy) din peshvolari va rohiblarning ko'pchiligi odamlarning mollarini nohaqlik bilan yeydilar va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sadilar. Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob "xushxabari"ni bering! 9.35 . (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o'tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: "Bu o'zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!" (deyiladi). 9.36 . Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi - Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) harom qilingan oylardir*. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda jang qilib o'zlaringizga zulm qilmangiz! Mushriklar (mazkur to'rt oy asnosida) sizlarga yoppasiga urush ochsalar, (sizlar ham) ularga yoppasiga urush ochingiz! Yana, bilib qo'yingizki, Alloh taqvolilar bilan birgadir! 9.37 . Albatta, (hurmatli oylarni) kechiktirish ortiqcha kofirlikdir. U bilan kofir bo'lganlarni chalg'itilur. (Ular) uni bir yil halolga, bir yil haromga chiqarib, Alloh harom qilgan (oylar) adadiga (o'zlaricha) moslab oladilar. Shu tarzda Alloh harom qilgan narsani "halollab" oladilar. Ularga (bu) yomon ishlari ziynatli (tuyuladigan) qilib qo'yildi. Alloh kofirlar qavmini hidoyatga boshlamagay. 9.38 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga ne bo'ldiki, Alloh yo'lida (yovga qarshi) qo'zg'alingiz, deyilsa, yerga og'irligingizni solasiz (chiqmay o'tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo'lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati juda) ozdir! 9.39 . Agar (yovga qarshi) chiqmasangizlar, (Alloh) sizlarni alamli azob bilan azoblab, o'rningizga sizdan boshqa qavmni keltirur. Sizlar (esa) Unga biror narsada zarar yetkaza olmaysiz. Alloh har narsaga qodirdir.
|