Tavba surasu9.90 . A'robiy (badaviy)lardan ularga ruxsat berilishi uchun uzr ko'rsatuvchilar keldi va (shunday qilib) Allohga va Rasuliga yolg'on gapirganlar (jangga chiqmay uylarida) o'tirdilar. Albatta, ulardan kofir bo'lganlariga alamli azob yetqusidir. 9.91 . Zaiflar, bemorlar va (jang uchun) xarj qilishga narsa topa olmaydiganlarga - Alloh va Rasuliga sodiq turgan bo'lsalar - qiyinchilik (majburlik) yo'q. Ezgu ish qiluvchilar (sha'ni)ga (ta'na uchun) yo'l yo'q. Alloh kechirimli va rahmlidir. 9.92 . Shuningdek, Sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo'yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", - dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g'amgin bo'lib, ko'zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta'na yo'q). 9.93 . (Ta'na uchun) yo'l - o'zlari boy bo'la turib, Sizdan ruxsat so'raydiganlar (sha'ni)gadir. (Ular) qoluvchi (ayol)lar bilan birga bo'lishga rozi bo'ldilar. Alloh ularning dillarini muhrlab qo'ydi. Bas, ular (shuning uchun savob bilan gunoh farqini) bilmaydilar. 9.94 . Ular sari qaytganlaringizda, sizlarga uzrlarini aytadilar. Ayting: "Uzr aytmangizlar! Sizlarga sira ishonmaymiz. Alloh bizlarga sizlarning xabarlaringizdan bildirdi. Albatta, Alloh va Rasuli ishlaringizni ko'rar. So'ngra g'oyib va oshkora (ishlar)ni biluvchi (zot - Alloh)ga qaytarilursizlar. Bas, (U) sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur". 9.95 . Ular huzuriga qaytganlaringizda ulardan (uzrli deb bilib) beparvo bo'lishlaringiz uchun Alloh (nomi) bilan qasam ichadilar. Mayli, ularga parvo qilmangiz! Zero, ular nopokdirlar. Joylari esa, qilmishlariga yarasha, jahannamdir. 9.96 . Ulardan qanoat hosil qilishlaringiz uchun sizlarga qasamyod etadilar. Sizlar ulardan qanoatlansangiz ham, Alloh fosiqlar qavmidan sira rozi bo'lmas. 9.97 . A'robiylar (odatda) kufr va nifoqda kuchliroq va Allohning Rasuliga nozil qilgan narsalar hududini bilmasliklari aniqroqdir. Alloh (esa) ilmli va hikmatlidir. 9.98 . A'robiylar ichida qilgan sadaqasini zarar (ortiqcha chiqim) deb biladigan va sizlarga musibatlar bo'lishini kutib turadiganlar ham bor. Ularga yomon balo bo'lsin! Alloh eshituvchi va biluvchidir. 9.99 . A'robiylar ichida Allohga va oxirat kuniga imon keltiradigan, qilgan sadaqalarini Alloh huzurida yaqinlik va Rasul olqishi deb biladiganlari ham bor. Albatta, u ular uchun (Allohga) yaqinlikdir. Alloh ularni, albatta, o'z rahmati (jannati)ga kirgizur. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
|