Tavba surasu9.40 . Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O'zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovilari g'orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: "Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!" - degan edi*. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko'rmagan lashkarlar (farishtalar) bilan uni quvvatladi hamda kofir bo'lganlar so'zini tuban qildi. Allohning so'zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir. 9.41 . Yengil va og'ir holatda (ham yovga qarshi) qo'zg'alingiz va Alloh yo'lida mollaringiz va jonlaringiz bilan jihod qilingiz! Agar bilsangiz, ana shu (ish)ingiz sizlar uchun yaxshidir. 9.42 . Agar (Sizning chaqirig'ingiz) yaqindagi buyum yoki o'rtacha (masofadagi oddiy) safar bo'lganda edi, (ular) Sizga ergashgan bo'lur edilar. Lekin ularga masofa uzoqlik qildi. Albatta, ular o'zlarini halok qilib (charchatib): "Qodir bo'lganimizda, sizlar bilan birga (jangga) chiqar edik", - deb Alloh nomiga qasam ichadilar. Alloh esa ularning (g'irt) yolg'onchi ekanliklarini bilur. 9.43 . Alloh Sizni afv etdi. (Lekin) Sizga rostgo'ylar aniqlanib, yolg'onchilarni bilmaguningizgacha, nega ularga (jangdan qolishga) ruxsat berdingiz? 9.44 . Allohga va oxirat kuniga imon keltiruvchilar mollari va jonlari bilan jihod qilishdan (qolish uchun) Sizdan ruxsat so'ramaydilar. Alloh taqvodorlarni (yaxshi) bilur. 9.45 . Balki, Sizdan Allohga va oxirat kuniga imon keltirmaydigan va dillari shak-shubhali bo'lganlargina (jangdan qolish uchun) ruxsat so'raydilar. Ular o'z shubhalarida ikkilanib yuraveradilar. 9.46 . Agar (ular) chiqishni istaganlarida, uning uchun tayyorgarlik ko'rib qo'ygan bo'lur edilar. Lekin Alloh (ularning) qo'zg'alishlarini yoqtirmaydi, ularni susaytirib qo'ydi va ularga: "O'tiruvchilar bilan birga o'tiraveringiz!" - deyildi. 9.47 . Agar ular sizlarning ichingizda (jangga) chiqqanlarida ham, sizlarga faqat buzg'unchilikni ziyoda qilib, oralaringizga (rahna) solib, sizlarni fitnaga duchor qilgan bo'lur edilar. Sizlarning ichingizda esa, ularga quloq soladigan (ishonuvchi)lar bor. Alloh zolimlarni biluvchidir. 9.48 . (Ular) oldin ham fitna qo'zg'atmoqchi bo'lgan va ular yoqtirmagan hollarida to haq (g'alaba) kelib, Allohning amri (dini) g'olib bo'lguncha ham ishlaringizni (makr-hiyla, ig'vo bilan) ostin-ustun qilgan edilar. 9.49 . Ular ichida: "Menga izn bering, meni fitnaga qo'ymang!" - deydiganlar ham bor. (Ular jangdan qolish bilan) fitnaga tushdilar-ku! Albatta, jahannam kofirlarni (o'ziga) qamrab oluvchidir.
|