Tavba surasu9.70 . Ularga o'zlaridan oldingilar - Nuh, Od, Samud qavmlari, Ibrohim qavmi, Madyan (shahri) aholisi (Shuayb qavmi) hamda ostin-ustun bo'lgan shaharlar (Lut qavmi)ning xabarlari (yetib) kelmabdimi?! Ularga (o'z) payg'ambarlari hujjatlar (mo''jizalar)ni keltirgan edilar. Bas, Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, balki o'zlariga zulm qiluvchi bo'ldilar. 9.71 . Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni mukammal ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir. 9.72 . Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bog')laridagi pok maskanlarni va'da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) kattaroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir. 9.73 . Ey, Payg'ambar! Kofirlar va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga nisbatan (Siz ham) dag'allik qiling! Ularning joylari jahannamdir. Naqadar mudhish qismat bu! 9.74 . (Yomon so'z) aytmadik, deb qasam ichadilar. Vaholanki, kufr so'zini aytganlar va islomlaridan keyin (yana) kufrga qaytganlar hamda yetolmagan narsalariga* qasd qilganlar. Alloh va (Uning) Rasuli ularni (Payg'ambar va sahobalarini) fazli (o'ljalar) bilan boyitib qo'ygani uchungina (munofiqlar) ularni yoqtirmadilar. Bas, agar tavba qilsalar, o'zlari uchun yaxshi. Bordi-yu bosh tortsalar, Alloh ularni ham bu dunyo, ham oxiratda alamli azob bilan azoblagay. Yer (yuzi)da ularga na bir do'st va na yordam beruvchi bor. 9.75 . Ular orasida: "Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo'lurmiz", - deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor. 9.76 . Alloh ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o'girib ketdilar. 9.77 . Allohga bergan va'dalariga xilof qilganlari va yolg'onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo'lishini qismat qilib qo'ydi. 9.78 . Allohning ular yashirgan va shivirlaganlarini ham bilishini va Allohning g'ayb narsalarni ham allomasi ekanligini bilmaganmidilar?! 9.79 . Mo'minlardan ixtiyoriy iona qiluvchilarini va zo'rg'a topib-tutuvchilarni masxaralaydiganlarni Alloh "masxara" qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir.
|