Tavba surasu9.1 . (Bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan sizlar (bilan) ahdlashgan mushriklarga (nisbatan) ora ochiqlikdir. 9.2 . (Ey, mushriklar, urush harom etilgan) to'rt oyda yer (yuzi) bo'ylab sayohat qilingiz va bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz va Alloh kofirlarni sharmsor etuvchidir! 9.3 . Shuningdek, (bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan "Hajji akbar" (Qurbon hayiti) kuni odamlarga Allohning va Rasulining mushriklardan bezor ekanliklarini e'loni (ham)dir. Agar tavba qilsangiz, bu sizlar uchun yaxshidir. Bordiyu (tavbadan) bosh tortsangiz, u holda bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. (Ey, Muhammad!) Kofir bo'lganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering! 9.4 . Ammo sizlar (mo'minlar) ahdlashgan mushriklar keyin sizlarga biror narsada noqislik (vafosizlik) qilmasalar va sizlarga qarshi hech kim bilan hamkorlik qilmasalar, u holda ularning ahdlarini (belgilangan) muddatlarigacha yetkazingiz! Albatta, Alloh taqvolilarni yaxshi ko'rgay. 9.5 . (Urush) harom qilingan oylar chiqishi bilan mushriklarni topgan joyingizda o'ldiringiz, tutingiz (asir olingiz), qamal qilingiz va har qanday pistirmalarda ularni kuzatib turingiz! Agar tavba qilib, namozni mukammal ado etsalar va zakot bersalar, ularni qo'yib yuboringiz! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir. 9.6 . Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya so'rasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qo'ying! Bu ularning bilmaydigan qavm bo'lganlaridandir. 9.7 . Alloh nazdida va Rasuli nazdida qanday ham mushriklarda ahd (vafo) bo'lsin?! Ammo sizlar (bilan) Masjidi Harom (Ka'ba) oldida ahdlashganlar esa, modomiki (ular ahdlarida) sizlar uchun to'g'ri turar ekanlar, (sizlar ham) ular uchun to'g'ri turingiz! Albatta, Alloh taqvodorlarni sevgay. 9.8 . (Ha) qanday ham?! Vaholanki, agar sizlarni yengsalar, sizlar uchun na ahdni va na shartni rioya qiladilar. Og'izlarida sizlarni rozi qiladilaru, dillari inkor etib (jirkanib) turadi. Aksariyatlari fosiq (itoatsiz)dirlar. 9.9 . Allohning oyatlarini ozgina bahoga sotadilar-da, Uning yo'lidan (odamlarni) to'sadilar. Ularning qilmishlari naqadar yomon?! 9.10 . Mo'min (odam) uchun na ahdga va na shartga rioya qiladilar. Ana o'shalar tajovuzkor (ham)dirlar.
|