YUNUS surasi10.21 . Odamlarga yetishgan zarar (qahatchilik) ketidan rahmat (mo'lchilik)ni tottirsak, nogoh ularda oyatlarimizga nisbatan makr (inkor) namoyon bo'ladi. Ayting: "Alloh tezroq "makr" qiluvchidir." Rasul (farishta)larimiz qilayotgan makringizni yozib qo'yurlar. 10.22 . U sizlarni quruqlik va dengizda sayr qildirur. Sizlar kemada bo'lgan paytingizda va u mayin shamol bilan ularni (sizlarni) olib ketayotganida va ular bundan shodlanib turganlarida, qattiq shamol kelib hamda har tomondan to'lqin kelganda, ular qurshovda qolganlarini bilib: "Agar shundan bizni xalos qilsang, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lurmiz!" - deb ixlos bilan Allohga iltijo qilurlar. 10.23 . Alloh ularni xalos etganda esa, bexos (yana) Yer yuzida nohaqdan tajovuzkorlik qilurlar. Ey, odamlar! Bu tajovuzingiz faqat o'zingizga zarardir. (Bu) dunyo hayotining matohi (ovunchog'i)dir. So'ngra qaytish joyingiz Bizning huzurimizdir. Bas, (o'shanda) qilgan ishlaringiz xabarini sizlarga berurmiz. 10.24 . Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan (yog'dirgan) suv bo'lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va ziynatlangach, yer egalari o'zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo'lmagandek (yig'ib olingan) hosilga aylantirib qo'yganimizga o'xshaydi. Tafakkur qiluvchi qavm uchun (Biz) oyatlarni shu tarzda batafsil bayon qilurmiz. 10.25 . Alloh (odamlarni) salom diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to'g'ri yo'lga hidoyat etadi. 10.26 . Ezgu ish qilganlarga chiroyli (savob-jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko'rishlik) bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamas. Aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar. 10.27 . Gunoh ishlarni qilganlarga esa, har bir gunohga o'shaning barobarida jazo (bordir) va ularni xorlik qoplar. Ular uchun Alloh tarafidan saqlovchi yo'q. Ularning yuzlari go'yo zulmatli tunning bir bo'lagi bilan qoplangandekdir. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular u yerda mangudirlar. 10.28 . Hammalarini o'sha kun (qiyomat)da to'plab, so'ngra shirk keltirganlarga: "Sizlar va (Allohga) sherik qilib olgan (but)laringiz, joyingizda turingiz!" - deb ularning oralarini ajrim qilamiz. (Sig'inilgan) sheriklaringiz: "Bizga sig'ingan emassizlar. 10.29 . Bas, Allohning o'zi biz bilan sizlarning o'rtamizda guvohlikka kifoyadirki, sizlarning (bizga qilgan) ibodatingizdan g'ofildirmiz", - derlar. 10.30 . Ana o'sha yerda har bir jon (egasi) qilib o'tgan ishini sinab ko'rar va (hammasi) haqqoniy egalari - Allohga qaytarilur. To'qib yurgan (but)lari ham ulardan g'oyib bo'lur.
|