YUNUS surasi10.11 . Mabodo Alloh odamlarga yomonlikni (ular) yaxshilikka shoshilganlari kabi tezlashtirganda edi, albatta, ularning ajallari bitgan bo'lur edi. Bas, Bizning muloqotimizni kutmaganlarni o'z tug'yon (tajovuzkorlik)larida gangib yurishlariga tashlab qo'yamiz. 10.12 . Insonga zarar yetganda, yotgan holda yo o'tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go'yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga o'z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo'yildi. 10.13 . Sizlardan oldingi avlodlarni (ham) zulm qilganlarida va payg'ambarlari (ilohiy) hujjatlarni keltirgach, inonmaganlarida, halok qilganmiz. Shu tarzda jinoyatchilar qavmini jazolagaymiz. 10.14 . So'ngra qanday ish qilishingizni ko'rishimiz uchun sizlarni ulardan keyin Yerga xalifa (o'rinbosar) qildik. 10.15 . Ularga Bizning aniq oyatlarimiz o'qilsa, muloqotimizni kutmaganlar: "Bundan boshqa qur'on keltir yoki uni (oyatlarini) o'zgartir!"- deydilar. Ayting: "Uni o'z tomonimdan o'zgartirish menga mumkin emas. Men faqat, menga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman. Men, agar Rabbimga itoatsizlik qilsam, ulug' Kun (qiyomat) azobidan qo'rqaman". 10.16 . Ayting: "Agar Alloh xohlaganda edi, men uni (Qur'onni) o'qimas edim va sizlarga ham (Alloh) uni bildirmagan bo'lur edi. (Axir) undan oldin ham umr bo'yi sizlarning orangizda (yashab) turdim-ku! Bas, aql yurgizmaysizlarmi?!". 10.17 . Alloh nomidan yolg'on to'qigan yoki oyatlarini yolg'onga yo'ygan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Zotan, jinoyatchilarga tole yor bo'lmas. 10.18 . Allohni qo'yib, ularga zarar ham, foyda ham keltira olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar va "Ana shular Alloh huzurida bizni shafoat qiluvchilarimizdir", - deydilar. Ayting: "Allohga osmonlar va Yerdagi U bilmaydigan narsalarni bildirib qo'ymoqchimisizlar?! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!" 10.19 . Odamlar yagona ummat (bir dinda) edilar. So'ngra turli xil bo'lib ketdilar. Agar Rabbingizdan (qiyomatgacha qo'yib berish haqida) so'z kechmaganida, tortishayotgan narsalari haqida hukm qilingan bo'lur edi. 10.20 . "Unga (Muhammadga) Parvardigoridan biror mo''jiza tushirilsa edi!" - deyishadi. Bas, ayting: "Albatta, g'aybiy ishlar Allohga xosdir. Kutinglar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman".
|