A`ROF surasi



7.40 . Albatta, oyatlarimizni yolg'onga chiqargan va ulardan kibrlanib bosh tortganlar uchun osmon eshiklari sira ochilmagay va nina ko'zidan tuya o'tmagunga qadar jannatga kirmaslar. Jinoyatchilarni ana shunday jazolagaymiz.

7.41 . Ularga jahannam (o'ti)dan (ostilariga) gilam va ustilariga yopinchiq (bo'lur). Zolimlarni ana shunday jazolagaymiz.

7.42 . Imon keltirgan va solih (savobli) ishlarni qilganlar esa - hech bir jonni toqatidan ortiqqa majbur etmaymiz - aynan o'shalar jannat ahlidirlar. Ular u yerda mangu (qoluvchi)dirlar.

7.43 . Dillaridagi (o'zaro) adovat (to'yg'ulari)ni sug'urib tashlaymiz. Ostilaridan anhorlar oqajak. (Shunda) ayturlarki: "Ushbu (ne'matlar)ga bizni boshlab kelgan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O'zi) boshlamaganida, (o'zimizcha) yo'lni topa olmagan bo'lur edik. Rabbimizning elchi (payg'ambar)lari haqiqatni keltirgan ekanlar". Ularga nido qilinurki: "Mana shu - jannat. Qilgan (savobli) amallaringiz sababli u sizlarga meros qilib berildi".

7.44 . Jannat ahli do'zax ahliga (qiyomat kuni): "Rabbimiz bizga va'da qilgan narsa (jannat)ni biz haq ekanini topdik. Sizlar ham Rabbingiz va'da qilgan (ogohlantirgan do'zax)ning haq ekanini topdingizmi?" - deb nido qilurlar. Ular: "Ha", - deydilar. So'ngra o'rtalaridan bir jarchi (farishta chiqib) jar soladi: "Zolimlar uzra Allohning la'nati (yog'ilsin)!

7.45 . Zero, ular Allohning yo'lidan to'sadigan, uni qing'ir qilishni istaydigan, oxiratga esa ishonmaydigan edilar".

7.46 . (Jannat va do'zax ahllari) o'rtalarida parda (bordir). A'rof (arasot) uzra (jannat va do'zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo'lur). Jannat ahliga: "Sizlarga salom!" - deydilaru (kirishdan) tamagir bo'lib, kira olmaydilar.

7.47 . Ko'zlari do'zax ahli tarafiga burilib qolsa, aytadilar: "Ey, Rabbimiz! Bizni bu zolimlar qavmi bilan birga qilib qo'ymagin!"

7.48 . Arasot ahli siymolaridan tanish kishilariga aytadilar: "To'plagan (boylik)laringiz va qilgan kibrlaringiz sizlarga (kuningizga) yaramabdi-ku!

7.49 . Allohning rahmati yetmaydi, deb siz qasam ichib yurgan (faqir musulmon)lar ana ularmi?" (Shundan so'ng Alloh arasot ahliga deydi): "Jannatga kiringiz! Sizlarga xavf yo'q va sizlar tashvish ham chekmaysizlar!"



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next