A`ROF surasi



7.159 . Muso qavmi ichida shunday ummat (guruh) ham borki, (ular odamlarni) haq (so'z) bilan hidoyatga boshlaydilar va u (haq) bilan (hukmlarda) odillik qiladilar.

7.160 . Ularni o'n ikki urug'-ummat qilib bo'lib tashladik* va Musodan qavmi suv talab qilganda, unga: "Asoying bilan toshni urgin!" - deb vahiy qilgan edik, (urgach) undan (toshdan) o'n ikki chashma otilib chiqdi. Har bir (urug'ga tegishli) odamlar o'z suv ichadigan joyini bilib oldilar. Ular uzra bulutlarni soyabon qildik va ustilaridan shirinlik va bedanalar yog'dirib: "Sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizning poklaridan yenglar" (dedik). Ular (itoatsizliklari bilan) Bizga zulm qilmadilar, balki o'zlariga zulm qiladigan bo'ldilar.

7.161 . Ularga: "Shu shahar (Baytul-Maqdis)da istiqomat qilingiz va undagi xohlagan joyingizdan oziqlaningiz hamda "kechir" deb, sajda qilgan holingizda darvozadan kiringiz, shunda sizlarning xato (gunoh)laringizni kechiramiz. Ezgu amal qiluvchilarga (savobimizni) ziyoda qilurmiz", - deyilganini (eslang).

7.162 . Bas, ulardan zolim bo'lganlari ularga aytilgan so'zni boshqa so'zga almashtirdilar. Natijada zulm qilganlari sababli ularga osmondan azob yubordik.

7.163 . Ulardan dengiz bo'yida joylashgan qishloq (ahli) haqida so'rang! Qaysiki, shanbalik (bayrami) qilgan (ovlamagan) kunlarida baliqlari ular sari suv betida oqib kelar, shanbalik qilmagan kunida esa (baliqlari) ular sari kelmas edi. Ana shu shanbalikda (ular) haddan oshar edilar. Shu tarzda ularni buzg'unchiliklari bilan sinaymiz.

7.164 . Ulardan bir guruhi: "Nima uchun Alloh halok etmoqchi bo'lgan yoki qattiq azob bilan qiynamoqchi bo'lgan qavmga nasihat qilyapsizlar?" - deyishganda, (nasihatgo'ylar): "Rabbingizga ("Aytdik, lekin itoat qilishmadi", - deb) uzr aytishar va taqvo qilishar degan umidda (nasihat qildik)", - dedilar.

7.165 . Ularga eslatilgan narsani unutishgach, yomonlikdan qaytaruvchilarga najot berdik va zulm qilganlarni esa buzg'unchiliklari sababli yomon azobga tutdik.

7.166 . Ularga man etilgan ishdan (qaytmasdan) o'jarlik qilganlarida: "Qadrsiz maymunlarga aylaningiz!" - deb ularga (qarg'ish so'zini) aytdik.

7.167 . Rabbingiz ular ustiga to qiyomat kunigacha ularni qattiq azob bilan qiynaydigan kishilarni yuborib turajagini e'lon qildi. Albatta, Rabbingiz jazosi shitob va albatta, U kechirimli va rahmli (ham)dir.

7.168 . Ularni (yahudiylarni) Yer yuzi bo'ylab turli xalqlarga bo'lib tashladik. Ular ichida solih (yaxshi)lari ham, undan berilari ham bor. Ularni zora (to'g'ri yo'lga) qaytsalar, deb yaxshilik (ne'mat)lar va yomonlik (musibat)lar bilan sinab ko'rdik.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next