A`ROF surasi



7.149 .Qo'llaridan ("tarvuzlari") tushib (pushaymon bo'lib), o'zlarining adashganliklarini ko'rganlarida, aytdilar: "Qasamki, agar Rabbimiz bizga rahm qilmasa va (gunohimizni) kechirmasa, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lishimiz aniqdir".

7.150 . Muso o'z qavmi sari (Tur tog'idan) qaytar ekan, (qavmining qilmishlaridan) g'azablangan va taassuflangan holda: "Menga ortimdan qanday ham yomon o'rinbosar bo'ldingiz-a?! Rabbingiz amri (kelmay turib) shoshqaloqlik qildingizmi?" - deb (qo'llaridagi) lavhlarni tashlab, akasining boshi (sochi)dan tutib o'ziga tortdi. (Akasi Horun) dedi: "Ey, onamning o'g'li! Bu qavm meni zaif bilib, o'ldirishlariga sal qoldi. Endi, sen (ham) meni dushmanlarga kulgi qilmagin va meni zolimlar (safi)ga qo'shmagin!"

7.151 . (Muso) dedi: "Ey, Rabbim! Meni va birodarimni mag'firat qilib, bizni rahmatingga kiritgaysan. Sen rahmlilarning rahmlirog'idirsan!"

7.152 . Albatta, buzoqni iloh qilib olganlarga Parvardigorlari (tarafi)dan g'azab va dunyo hayotida xorlik yetgusidir. (Yolg'on va bo'hton) to'quvchilarni shu tarzda jazolagaymiz.

7.153 . Gunohlarni qilib, so'ngra ulardan keyin tavba qilgan va imon keltirgan kishilar uchun, shulardan keyin (ham) Rabbingiz kechirimli va rahmlidir.

7.154 . Musoning g'azabi so'ngach, lavhlarni (yerdan) oldi. Undagi bitikda Parvardigorlaridan qo'rqadiganlar uchun hidoyat va rahmat bor edi.

7.155 . Muso belgilagan vaqtimiz (va joyimizga kelish) uchun qavmidan yetmish kishini tanladi. Ularni qattiq zilzila tutgan paytda (Muso) dedi: "Ey, Rabbim! Xohlasang ularni ham, meni ham oldinroq halok qilgan bo'lur eding. Ichimizdagi nodonlarning qilmishlari uchun bizlarni halok qilasanmi?! Bu faqat bir sinovingdirki, u orqali xohlagan kishingni adashtirasan va xohlagan kishingni hidoyat qilasan. O'zing egamizsan. Bas, bizlarni mag'firat et (kechir) va bizlarga rahm qil. Sen kechiruvchilarning (eng) yaxshisidirsan.

7.156 .Bizlarga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni yozgin. Biz Senga qaytdik". (Alloh) dedi: "Azobimni xohlagan kishimga yetkazurman. (Ammo) rahmatim hamma narsadan kengdir. Uni taqvoda bo'luvchilar, zakot beruvchilar va oyatlarimizga imon keltiruvchilarga yozajakman.

7.157 . Ular omiy (savodsiz) elchi - ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga ergashadilar. U (payg'ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga imon keltirgan, uni ulug'lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur'on)ga ergashganlar, aynan o'shalar tolei yor kishilardir".

7.158 . Ayting (ey, Muhammad!): "Ey, odamlar! Men sizlarning barchangizga (yuborilgan) Allohning rasuli (elchisi)dirman. U (Alloh) osmonlar va Yerning hukmronligi O'z qo'lida bo'lgan zotdirki, undan o'zga (hech bir) iloh yo'q. (U) tiriltiradi va o'ldiradi. Bas, Allohga va Uning rasuli - Allohga va Uning kalimalari (ilohiy kitoblari)ga ishonadigan ummiy payg'ambarga (Muhammadga) imon keltiringiz va unga ergashingiz, toki hidoyat topgaysizlar!"



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next