A`ROF surasi



7.20 . So'ngra shayton ularning yopilgan avratlarini ochib yuborish (sharmanda qilish) uchun ikkisiga vasvasa qildi va aytdi: "Rabbingiz sizlarni farishtalarga aylanib qolmasinlar yoki (jannatda) mangu qoluvchilardan bo'lmasinlar debgina sizlarni ushbu daraxtdan man etdi".

7.21 . Yana ikkisiga qasam bilan: "Men sizlarga (xolis) nasihatgo'ylardandirman", - dedi.

7.22 . Shunday qilib (shayton) ularni (noqulay holatga) tushirdi. Daraxt (mevasi)dan totib ko'rishlari bilanoq, ikkisining avratlari ochilib qoldi va o'zlarini jannat yaproqlari bilan to'sa boshladilar. Shunda ularga Parvardigorlari: "Sizlarni o'sha daraxtdan man etmaganmidim va shayton sizlarning yaqqol dushmaningiz, demaganmidim?!" - deb nido qildi.

7.23 . Ikkisi aytdilar: "Ey, Rabbimiz! Biz o'zimizga (o'zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolurmiz".

7.24 . (Alloh) dedi: "Bir-biringizga nisbatan dushman bo'lgan holingizda (jannatdan) tushingiz! Sizlar uchun (ma'lum) vaqt (ajalingiz yetgun)gacha Yerda qaror olish va foydalanish (bordir)".

7.25 . (Yana) dedi: "Unda yashaysizlar, unda o'lursizlar va undan (oxiratda) chiqarilursizlar.

7.26 . Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik. (Ammo) taqvo libosi bu yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo''jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko'rsalar!

7.27 . Ey, Odam avlodi! Shayton ota-onalaringiz (Odam va Havvo)ning avratlarini ularga fosh qilish (uyaltirish) uchun jannatdan chiqargani kabi sizlarni ham aldab qo'ymasin! Zero, u va uning to'dasi sizlar ularni ko'ra olmaydigan tarafdan sizlarni ko'radilar. Biz shaytonlarni imon keltirmaydiganlarga do'st qilib qo'ydik".

7.28 . (Mushriklar) biror fahsh ish qilsalar: "Ota-bobolarimizni shu (odat) uzra topganmiz. Uni bizga Alloh (O'zi) buyurgan", - deydilar*. (Siz ularga): "Alloh aslo fahsh ishlarga buyurmaydi. Alloh sha'niga o'zlaring bilmagan (gap)larni aytaverasizlarmi?!" - deb ayting!

7.29 . (Yana) ayting: "Rabbim adolatli bo'lishga buyurgan. Har bir masjid (namoz) oldidan yuzlaringiz (dillaringiz)ni to'g'ri qiling! Unga (Allohga) dinni xolis qilgan hollaringizda duo qilingizlar. Sizlarni (avval boshda yarata) boshlaganidek, (qiyomatda mangu hayotga) qaytursizlar".



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next