A`ROF surasi



7.139 . Zero, ularning (sig'inib) turgan narsalari barbod bo'luvchi va qilayotgan ishlari botil (behuda ish)dir".

7.140 . (Muso yana) dedi: "Sizlar uchun olamlar uzra sizlarni afzal qilib qo'ygan Allohdan o'zga iloh qidirayinmi?!"

7.141 . O'g'illaringizni o'ldirib, ayollaringizni qoldirish bilan sizlarni qattiq qiynoqqa solgan Fir'avn ahli (lashkari)dan xalos etganimizni eslangiz! Sizlarning bu (voqea)laringizda ulkan sinov bordir.

7.142 . Muso bilan o'ttiz kecha va'dalashdik. So'ngra uni yana o'n (kecha) bilan to'ldirdik. Shunday qilib, Rabbining qirq kecha deya belgilagan vaqti kamoliga yetdi. Muso (keta turib) o'z birodari Horunga: "Qavmimda (sen qolib) mening o'rinbosarim bo'lgin, (xatolarini) isloh et va buzg'unchilar yo'liga ergashmagin!" - dedi.

7.143 . Muso Biz belgilagan vaqtda (Tur tog'iga) kelgach, u bilan Rabbi bevosita gaplashdi*. Muso: "Rabbim! (O'zingni) menga ko'rsatgin, Senga bir nazar qilay!" - dedi. (Alloh): "Meni ko'ra olmaysan*. Lekin (ana u) toqqa (bir) boq! Agar Men unga bir jilva qilganimda (toqat qilib) o'z o'rnida tura olsa, sen ham meni ko'rasan", - dedi. Rabbi toqqa tajalliy (kichik bir ko'rinish) qilgan edi, uni maydalab tashladi. Muso (ham ta'sirlanib) behush holda yiqildi. Hushiga kelgach, dedi: "Senga tasbeh ayturman, Senga tavba qildim va men mo'minlarning birinchisi (peshvosi)durman".

7.144 . "Ey, Muso! Men seni odamlar uzra risolalarim (Tavrot bitiklari) va gaplashganim bilan mumtoz (tanlangan, xos) etdim. Bas, senga berganimni (qabul etib) ol va shukr qiluvchilardan bo'lgin!" - dedi (Alloh).

7.145 . Uning uchun lavhlarda (Tavrot sahifalarida) nasihat va har narsaning tafsiloti sifatida har narsadan bitib qo'ydik. Bas, (Ey, Muso!) Ularni quvvat (jiddiylik) bilan olgin va qavmingga ularning yaxshi (bitilgan ahkom)larini tutish (tatbiq etish)lariga buyurgin! Sizlarga fosiqlar diyori (qanday halokatga yuz tutgani)ni ko'rsatajakman.

7.146 . Yer (yuzi)da nohaqlik bilan kibrlanib yuruvchilar (ongi)ni oyatlarimiz (idroki)dan chetlatib qo'yajakmiz. (Ular) har qanday mo''jizani ko'rsalar ham unga imon keltirmaydilar. Agar to'g'ri yo'lni ko'rsalar, uni (o'zlariga) yo'l qilib olmaydilar. Mabodo noto'g'ri yo'lni ko'rib qolsalar, uni (o'zlariga) yo'l qilib oladilar. Bu(ning sababi) oyatlarimizni yolg'onga chiqarishlari va ulardan g'ofil bo'lganlaridir.

7.147 . Oyatlarimizni va oxirat muloqotini yolg'onga chiqarganlarning (qilgan savobli) amallari barbod bo'lur. Faqat qilmishlariga (yarashagina) jazolanurlar.

7.148 . Muso qavmi undan (Tur tog'iga ketgandan) so'ng o'zlarining bezaklaridan bir ma'raydigan buzoq jasadini (ma'buda qilib) oldilar. Uning ular bilan gaplashmasligini, ularni biror yo'lga boshlamasligini ko'rmaganmidilar?! Uni (iloh sifatida) tutdilar. (Ular oldindan) zolim edilar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 next