MOIDA surasi5.71 . Yana (ularga hech qanday) fitna (jazo) yetmaydi, deb hisobladilar va oqibatda "ko'r va kar" bo'lib qoldilar. So'ngra Alloh ularni kechirgandan keyin ham ko'plari (yana) "ko'r" va "kar" bo'lib qoldilar. Alloh (esa) ular qilayotgan ishlarni ko'rib turuvchidir. 5.72 . "Alloh bu - Masih ibn Maryam", - deganlar kofir bo'ldilar. Masih ularga dedi: "Ey, Isroil avlodi! Rabbim va Rabbingiz (bo'lmish) Allohga ibodat qilingiz!" Kimki Allohga shirk keltirsa, albatta, unga Alloh jannatni harom qilur va borar joyi do'zaxdir. Zolimlarga (esa) yordamchilar bo'lmas. 5.73 . "Alloh Uchtaning (Alloh, Maryam va Isoning yoki Ota, O'g'il va Muqaddas Ruhning) biridir", - deganlar (ham) kofir bo'ldilar. Yagona Ilohdan boshqa iloh yo'qdir. Agar aytayotgan (gap)laridan qaytmasalar, ular orasidan kofir bo'lganlariga alamli azob yetishi muqarrardir. 5.74 . Nahot Allohga tavba qilib, Undan kechirim so'ramaydilar?! (Axir,) Alloh kechirimli va rahmli-ku?! 5.75 . Masih ibn Maryam faqat rasul (Alloh elchisi)dir. Undan oldin (ham) rasullar o'tgan bo'lib, Onasi siddiqa (imonda sodiq ayol)dir. Ikkisi ham (boshqa insonlar kabi) taom yer edilar. Qarang, u (odam)larga hujjatlarni qanday aniq bayon etayapmiz. So'ngra qarangki, (ular) haqiqatdan qayoqqa qarab og'ayaptilar?! 5.76 . Ayting: "Alloh qolib, sizlarga na zarar va na foyda (keltirish)ga ega bo'lmagan narsalarga ibodat qilasizmi?" Alloh - U eshituvchi va biluvchidir. 5.77 . Ayting: "Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" 5.78 . Isroil avlodidan kofir bo'lganlari Dovud va Iso ibn Maryam tili bilan la'natlandilar. Bunga itoatsizliklari va tajovuzkor bo'lishlari sabab (bo'ldi). 5.79 . (Yana ular) qilib yurgan munkar (noshar'iy) ishlardan bir-birlarini qaytarmas edilar. Qilib yurgan ishlari naqadar yomon! 5.80 . Ularning aksariyatini kofirlar bilan do'stlashganlarini ko'rasiz. Nafslari ularga orttirgan narsa naqadar yomon bo'ldiki, ularga (nisbatan) Allohning g'azabini keltirdi. Ular shu azobda abadiydirlar.
|