MOIDA surasi



5.111 . Havoriylarga: "Menga va Rasulim (Iso)ga imon keltiringlar", - deb vahiy yuborganimda, ular: "Imon keltirdik. Bizning ixlosli (mo'min) ekanligimizga O'zing guvoh bo'l!" - deganlarini (ham) yodingizga keltiring!

5.112 . Havoriylar: "Ey, Iso ibn Maryam! Rabbing bizga osmondan bir dasturxon nozil qila oladimi?" - deganlarida, (Iso): "Agar mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqingizlar!" - deganini (ham) eslang!

5.113 . Ular dedilar: "Biz undan (dasturxon ziyofatidan) yeb, ko'nglimiz xotirjam bo'lishini va sening rostgo'yligingni bilib, (so'ngra) unga (dasturxonga) guvohlik bermoqchimiz".

5.114 . Iso ibn Maryam dedi: "Ey, Rabbimiz - Alloh! Bizga osmondan (bir) dasturxon tushirginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram hamda Sendan (bizga) mo''jiza bo'lsin. Bizni (undan) rizqlantir! Sen rizqlantiruvchilarning yaxshisidirsan".

5.115 . Alloh dedi: "Men uni sizlarga tushiruvchiman. (Lekin) kimki (shundan) keyin (ham) kufrga ketsa, uni shu qadar azoblaymanki, butun olamda hech kimni unday azoblamagan bo'lurman".

5.116 . Alloh: "Ey, Iso ibn Maryam! Odamlarga, sen Allohni qo'yib, meni va onamni ikki iloh qilib olinglar, deb aytdingmi?" - deganida, (Iso) dedi: "Ey, Pok zot! Haqqim yo'q narsani aytishim joiz emasdir. Agar uni aytgan bo'lsam, Sen uni bilgan bo'larding. Sen dilimdagini bilursan, Men "dilingdagini" bilmasman. Albatta, Sen O'zing g'oyib narsalarning bilimdonidirsan.

5.117 . Men ularga faqat O'zing buyurganlaringni, ya'ni: "Rabbim va Rabbingiz - Allohga ibodat qilingiz", - deb aytdim. Ular orasida bo'lgan onlarimda, ularga guvoh bo'lib turdim. Meni "vafot" ettirganingda esa, Sening O'zing ular ustidan kuzatuvchi bo'lding. Sen har narsaga guvohdirsan.

5.118 . Agar ularni azoblasang, albatta, ular (O'z) bandalaring. Bordiyu ularni kechirsang, albatta, Sen O'zing qudrat va hikmat egasidirsan".

5.119 . Alloh dedi: "Bu kun sodiq (mo'min)larga sodiqligi foyda beradigan kundir". Ular uchun ostidan anhorlar oqib turadigan jannat bog'lari bordir. (Ular) u yerda abadiy bo'lurlar". Ulardan Alloh rozi va ular Allohdan rozi bo'lurlar. Bu buyuk yutuqdir.

5.120 . Osmonlar va Yerning hamda ulardagi borliqning hukmronligi Allohga xosdir. U har narsaga qodirdir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12