MOIDA surasi5.21 . Ey, qavmim! Sizlar uchun Alloh bitib qo'ygan (bu) muqaddas yer (Baytul-Maqdis)ga kiringiz va ortingizga qaytib ketmangizki, ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolasiz". 5.22 . Aytdilar: "Ey, Muso! U yerda bahaybat (zolim) qavm bor. Ular u yerdan chiqmagunlaricha, biz u yerga sira kirmaymiz. Agar u yerdan chiqsalargina, biz kiruvchilardirmiz." 5.23 . (O'n ikki yo'lboshchi ichidan Allohdan) qo'rqadigan va Allohning in'omiga sazovor bo'lganlaridan ikki kishi shunday dedi: "Ular ustiga (shaharga) darvozadan kiringiz. Unga kirib olishingiz bilan, sizlar g'olib bo'lasiz. Agar mo'min bo'lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz!" 5.24 . Aytdilar: "Ey, Muso! Modomiki, (ular) u yerda ekanlar, biz sira u yerga kirmagaymiz. Sen (o'zing) va Rabbing borib, (ular bilan) jang qilaveringlar. Biz esa shu yerda o'tiruvchilarmiz". 5.25 . (Muso) aytdi: "Ey, Rabbim! Men faqat o'zim va birodarim (Horun)ga egalik qilurman. Bas, bizni u fosiqlar qavmidan (O'zing) ajrim qilgin!" 5.26 . (Alloh) dedi: "Albatta, u (Baytul-Maqdis) endi ular uchun qirq yilga (kirishi) taqiqlangandir. Yer (yuzi) bo'ylab sarsonlikda yuradilar. Sen (bu kabi) fosiqlar qavmi uchun qayg'urma!" 5.27 . Ularga Odamning ikki o'g'li (Qobil va Hobil) haqidagi xabarni haqiqati bilan o'qib bering! Ikkisi qurbonlik qilganlarida, birlaridan qabul qilindi, unisidan esa qabul qilinmadi. (Qurbonligi qabul bo'lmagan Qobil akasi Hobilga): "Seni, albatta, o'ldirajakman!" - dedi. (Hobil) esa: "(Qurbonlikni) Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur. 5.28 . Agar meni o'ldirish uchun qo'lingni men tomonga cho'zsang, men seni o'ldirish uchun Sen tomonga qo'limni cho'zuvchi emasman. Axir,men olamlar rabbi - Allohdan qo'rqaman. 5.29 .Men esa, mening gunohimni ham, o'z gunohingni ham (zimmangga) olib ketishingni va do'zax ahlidan bo'lishingni xohlayman. Zolimlarning jazosi shudir", - dedi. 5.30 . Uning (havoyi) nafsi birodarini o'ldirishni xush ko'rsatdi va darhol, uni o'ldirdi. Shu bilan u ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qoldi.
|