MOIDA surasi5.101 . Ey, imon keltirganlar! Sizlarga (javobi) ayon qilinsa, sizlarga xush kelmaydigan narsalar haqida (savol) so'ramangizlar! Qur'on (oyatlari) nozil bo'lib turgan kezlarda ular haqida so'rangiz, (javobi,) albatta, ayon qilinadi. Ularni (oldingi so'raganlaringizni) Alloh kechirdi. Alloh kechirimli va halimdir. 5.102 . U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm so'ragan edi. So'ngra o'sha narsalarga (nisbatan) kofir bo'lib qolgan edilar. 5.103 . Alloh na "bahiyra", na "soiba", na "vasila" va na "homiy" (kabi odatlar)ni (qilishga amr) qilmagan. Lekin kufrdagi kishilar Alloh nomidan yolg'on to'qiydilar va (ularning) aksariyati aqllarini ishlatmaydilar. 5.104 . Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga va Rasul (hukmi)ga kelinglar (havola qilinglar)", - deyilsa, (ular): "Ota-bobolarimizni qaysi narsa (odat) uzra topgan bo'lsak, o'sha bizga kifoya", - deyishadi. Ota-bobolari biror (haq) narsani bilmaydigan va to'g'ri yo'ldan yurmaydigan bo'lsalar-chi?! 5.105 . Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizga qarangizlar! Modomiki, hidoyat topgan ekansiz, adashganlar sizlarga zarar keltira olmaydi. Qaytar joyingiz Allohning huzuridir. O'shanda Alloh sizlarni qilgan ishlaringizdan xabardor qilur. 5.106 . Ey, imon keltirganlar! Birortangizga o'lim kelganda, vasiyat paytida o'rtalaringizdagi guvohlik: o'zlaringizdan (musulmonlardan) ikkita odil kishi (bo'lsin!) Yer yuzi bo'ylab safarda bo'lganingizda, sizlarga o'lim musibati yetsa, boshqa (ajnabiy)lardan ikkitasi (guvoh bo'lsin!) Ularni namozdan keyin ushlab turasizlar va shubhalansangizlar, ular Alloh (nomi) bilan qasamyod qiladilarki, "agar qarindosh bo'lsa ham uni (qasamni) ozgina bahoga almashtirmaymiz va Allohning bu guvohligini yashirmaymiz. Aks holda, beshak, gunohkorlardan bo'lib qolurmiz", - deb. 5.107 . Agar u ikkisining gunoh (noto'g'ri guvohlik) sodir etganlari fosh bo'lib qolsa, ularning o'rinlariga (merosga) haqlilardan boshqa ikkita munosibroq kishi (guvohlikka o'tsin). (Ular ham) Alloh (nomi) bilan qasamyod qiladilarki, "bizning guvohligimiz, albatta, u ikkisining guvohligidan loyiqroqdir va (adolatdan) tajovuz qilmaymiz. Aks holda biz, albatta, zolimlardan bo'lib qolurmiz", - deb. 5.108 . Ana shu - guvohlikni o'z vajhidek (aslidek) berishlariga yoki qasamlardan keyin yana qayta qasam ichilishdan qo'rqishlariga yaqinroq (tadbir)dir. Allohdan qo'rqingiz va eshitingiz! Alloh fosiqlar qavmini hidoyat qilmagay. 5.109 . Alloh payg'ambarlarni yig'ib, "Qanday javob oldingiz?" - deb so'raydigan Kuni (ular): "Bizda ilm yo'q. Faqat Sen O'zing g'oyib (narsa)larning allomasidirsan", - deydilar. 5.110 . Eslang, Alloh: "Ey, Iso ibn Maryam! Senga va onangga bergan ne'matimni yodingga ol, qaysiki, Seni Ruhul-qudus (Jabroil) bilan quvvatladim, odamlarga beshikda va voyaga yetganingda gapirding. Senga yozuvni, hikmatni, Tavrot va Injilni ta'lim berdim. Mening iznim bilan loydan qush shaklini yasading. So'ngra unga dam urganingda, u Mening iznim bilan (chinakam tirik) qushga aylandi. Mening iznim bilan ko'r va pesni tuzatding. Mening iznim bilan o'liklarni (qabrlaridan tirik holda) chiqarding. Shuningdek, Isroil avlodiga hujjatlarni keltirganingda, seni ular (g'azabi)dan asraganimni esla. Ularning kofirlari: "Bu aniq sehrdan boshqa narsa emas", - degan edilar.
|