MOIDA surasi



5.91 . Shayton may va qimor (yordami)da o'rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar tiyiluvchimisizlar?

5.92 . Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz! Agar bosh tortsangiz, bilib qo'yingizki, Rasulimiz (zimmasi)da faqatgina aniq yetkazib qo'yishlik (yuklatilgan)dir.

5.93 . Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun - agar shirkdan saqlanib, imonda va savobli ishlarda davom etsalar, so'ngra (may va qimordan) saqlanib, (haromni harom deb) imon keltirsalar, so'ngra (barcha harom va shubhalardan) saqlanib, (odamlarga) ezgulik qilsalar - yeb-ichgan (oldingi harom) narsalarida gunoh yo'qdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.

5.94 . Ey, imon keltirganlar! Alloh O'zidan g'oyibona (ko'rmasdan) qo'rqadiganlarni bilish uchun sizlarni (ehromdagi hollaringda) qo'llaringiz va nayzalaringiz yetganicha olinadigan narsa bilan ovda sinaydi. Shundan keyin kimki haddan oshsa, unga alamli azob (bordir).

5.95 . Ey, imon keltirganlar! Ehromda bo'la turib, ovni o'ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasddan o'ldirsa, jazo - xuddi (xonaki) hayvon o'ldirish bilan barobardir: u (ham bo'lsa) Ka'baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo'lib, unga o'zlaringdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur yoki (jazosi) kafforat: miskinlarni ovqatlantirish yoki o'sha barobarida ro'za tutishdir. (Bularning hammasi) qilmishi uvolini totib ko'rishi uchundir. Alloh o'tgan (ov jinoyatlari)ni kechirdi. Kimki (yana ovga) qaytsa, Alloh undan o'ch olur. Alloh qudratli va intiqom egasidir.

5.96 . O'zingiz va sayyoh (o'tkinchi)lar foydalanishi uchun sizlarga dengiz ovi va taomi (baliqlari) halol qilindi. Biroq, modomiki, ehromda ekansizlar, sizlarga quruqlik ovi harom qilindi. Huzuriga qaytishlaringiz aniq bo'lgan Allohdan qo'rqingiz!

5.97 . Ka'ba, ya'ni, Baytul-Haromni, shuningdek, hurmatli oyni, qurbonlikni va (unga doir) belgilarni Alloh odamlar uchun (muhim) maqom qilib qo'ydi. Bu - Allohning osmonlar va Yerdagi narsalarni bilishi va Alloh har narsada bilimdon ekanini bilib qo'yishingiz uchundir.

5.98 . Yana, bilib qo'yingizki, Allohning jazosi shiddatli hamda Alloh kechirimli va rahmlidir.

5.99 . Rasul zimmasida faqat (Alloh buyruqlarini odamlarga) yetkazib qo'yish (yuklatilgan)dir. Alloh oshkor qilgan (ish)laringiz va yashirgan (ish)laringizni bilur.

5.100 . Ayting: "Garchi nopok narsaning ko'pligi seni ajablantirsa ham, nopok narsa pok narsa bilan teng bo'lmaydi". Allohdan qo'rqingizlar, ey, aql egalari, toki tole topursizlar!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 next