MOIDA surasi5.41 . Ey, Rasul! Og'izlari bilan: "Imon keltirdik" deydigan, (lekin) dillari imon keltirmaganlar va yahudiylardan kufr sari intilayotganlari Sizni xafa qilmasin! (Ular) yolg'on (to'qish) uchun (Sizning gaplaringizni) eshitib oluvchi va huzuringizga kelmagan, o'z o'rinlariga qo'yilgan so'zlarni keyin o'zgartiradigan boshqa qavm (yahudiylar) uchun (gaplaringizni) eshitib oluvchilardir. Aytadilar: "Agar shu (o'zgartirilgan hukm) sizlarga berilsa, (qabul qilib) olinglar. Bordiyu berilmasa, saqlaninglar!" Kimniki Alloh (fitnada) sinashni istasa, Siz uning uchun Allohdan hech narsaga ega bo'la olmaysiz. Ana o'shalarning qalblarini poklashni Alloh iroda qilmagan. Ular uchun bu dunyoda sharmsorlik va ular uchun oxiratda ulkan azob (muqarrardir). 5.42 . (Ular) yolg'on (to'qish uchun Siz)ga quloq soluvchilar va haromni (porani) yeydiganlardir. Agar Sizga (hukm so'rab) kelsalar, o'rtalarida hukm chiqaring yoki ulardan voz keching! Agar ulardan voz kechsangiz (ham), Sizga sira zarar yetkazmaydilar. Agar hukm qilsangiz, o'rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi. 5.43 . O'zlarida Tavrot va unda Allohning hukmi bo'la turib, nechuk Sizni hukm chiqarishga undaydilar va so'ngra yuz o'giradilar (hukmingizga amal qilmaydilar)?! Ana o'shalar aslo mo'min emaslar. 5.44 . Darvoqe, Biz Tavrotni nozil etdik. Undagi hidoyat va nur (ahkomlar izohi) bilan itoatkor nabiylar, zohidlar va ulamolar yahudiy bo'lganlarga Allohning Kitobidan yod oldirilgan (bilimlari)ga binoan hukm bayon eturlar. O'zlari bunga guvohdirlar. Bas, (ey, hukm chiqaruvchilar,) odamlardan qo'rqmangiz, Mendan qo'rqingiz va Mening oyatlarimni ozgina bahoga almashtirmangiz! Alloh nozil qilgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilmaganlar, ana o'shalar kofirlardir. 5.45 . Biz unda (Tavrotda) ularga jonga jon, ko'zga ko'z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va jarohatlarga qasos (olinur) deb, bitib qo'ydik. Kimki u (qasos)ni sadaqa qilib (kechib) yuborsa, u (gunohlariga) kafforatdir. Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qilmaydiganlar, ana o'shalar zolimlardir. 5.46 . Ularning izlaridan Iso ibn Maryamni o'zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda izdosh qilib yubordik va unga Injilni - ichida hidoyat va nuri bilan o'zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai) qilib berdik. 5.47 . Injil egalari undagi Alloh nozil etgan narsa (oyatlar) bilan hukm qilsinlar. Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qilmaydiganlar, ana o'shalar fosiqlardir. 5.48 . Sizga (esa, ey, Muhammad,) o'zidan oldingi Kitob(lar)ni tasdiq etuvchi va u (kitoblar)ni muvofiqlashtiruvchi sifatida Kitob (Qur'on)ni haqiqatan nozil qildik. Bas, ular o'rtasida Alloh nozil etgan (oyatlar) bilan hukm qiling. Sizga kelgan haqiqatdan (chetlab), ularning havoyi (fikrlari)ga ergasha ko'rmang! Har bir (ummat) uchun (alohida) shariat va yo'l (ta'yin) qilib qo'ydik. Agar Alloh xohlasa edi, sizlarni bir ummat (bir xil shariatda) qilib qo'ygan bo'lur edi. Lekin, O'zi bergan narsa (shariatlar)da sizlarni sinash uchun (shunday qilmadi). Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o'zishga oshiqingiz! Hammangizning qaytib boradigan joyingiz Allohning huzuridir. O'shanda (U) sizlarga kelisholmay yurgan narsalaringiz xabarini berajak. 5.49 . Ular o'rtasida Alloh nozil etgan narsa (oyatlar) bilan hukm qiling. Ularning havoyi (fikrlari)ga ergashmang va Alloh Sizga nozil etgan (hukmlari)ning ba'zilaridan Sizni chalg'itishlaridan ehtiyot bo'ling! Agar yuz o'girsalar, bilingki, Alloh ularga ba'zi gunohlari tufayli musibat yetkazishni istamoqda. Albatta, odamlarning ko'pchiligi fosiq (itoatsiz)dirlar. 5.50 . Johiliyat (davri) hukmini qo'msayaptilarmi?! Chin ishonchli kishilar uchun Allohdan ko'ra kimning hukmi chiroyliroq ekan?!
|