MOIDA surasi



5.11 . Ey, imon keltirganlar! Allohning sizlarga (bergan) ne'matini eslangiz: bir qavm (kishilari) sizlarga qo'l ko'tarish (hujum qilish)ni niyat qilganida, qo'llarini sizlardan qaytargan edi. Allohdan qo'rqingiz! Mo'minlar faqat Allohga tavakkul qilsinlar!

5.12 . Alloh Isroil avlodidan ahd oldi va Biz ulardan o'n ikki yo'lboshchini yubordik. (So'ngra) Alloh dedi: "Darhaqiqat, Men sizlar bilan birgaman. Agarda namozni mukammal ado etsangiz, zakot bersangiz, payg'ambarlarimga imon keltirsangiz va ularni sharaflab, madad bersangiz hamda (savobli ishlar qilib,) Allohga chiroyli "qarz" bersangiz, albatta, gunohlaringizni kechaman va ostidan anhorlar oqadigan bog'lar (jannat)ga kiriturman. Shundan keyin ham sizlardan kimki kufrga ketsa, to'g'ri yo'ldan beshak ozgan bo'lur."

5.13 . O'z ahdlarini buzganliklari sababligina ularni la'natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo'ydik. So'zlarning o'rinlarini o'zgartiradilar, ularga eslatilgan narsadan bir (katta) qismini unutdilar. Mana, ulardan bir ozginasi mustasno bo'lib, (qolganlari) xiyonat qilayotganini mudom kuzatayapsiz. Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi.

5.14 . "Biz nasroniylarmiz" deganlardan (ham) ahdlarini oldik. Ularga eslatilgan narsadan (katta) bir qismini unutdilar. Shundan keyin ularning o'rtalarida qiyomat kunigacha adovat va nafrat qo'zg'atdik. Keyin Alloh ularni o'z qilmishlaridan xabardor qilajak.

5.15 .Ey, ahli kitoblar! Sizlarga rasulimiz (Muhammad) kelib, Kitobdagi ko'pgina siz yashirgan (oyatlar)ni sizlarga bayon qilmoqda va (xatolaringizning) ko'pini afv etmoqda. Allohdan sizlarga Nur va ravshan Kitob keldiki,

5.16 . u bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo'llariga yo'llab, O'z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to'g'ri yo'lga hidoyat qilur.

5.17 . "Maryamning o'g'li Masih Allohdir" deganlar kufrga ketdilar. Ayting: "Agar Alloh Maryamning o'g'li Masihni, uning onasini va Yerdagi hamma (odamlar)ni halok etishni iroda qilsa, kim ham biror narsaga qodir bo'lar edi?!" Osmonlar, Yer va ular o'rtasidagi borliq ustidan hukmronlik faqatgina Allohga tegishlidir. Xohlagan narsani yaratadi, Alloh har narsaga qodirdir.

5.18 . Yahudiylar va nasroniylar: "Biz Allohning o'g'illari va habiblarimiz", - deydilar. Ayting: "(Unday bo'lsa), nega gunohlaringiz tufayli sizlarni azoblaydi? Yo'q! Sizlar ham U yaratgan odamlardansiz. Xohlagan (bandasi)ni kechiradi, xohlaganini azoblaydi. Osmonlar, Yer va ular o'rtasidagi borliq ustidan hukmronlik Allohgagina tegishlidir va Qaytish ham faqat Uning huzurigadir".

5.19 .Ey, ahli kitoblar! Sizlarning: "Bizlarga na bashoratchi va na ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelmadi" deganlaring uchun sizlarga Rasulimiz (oldingi) payg'ambarlardan bir muddat o'tgach, bayon etuvchi bo'lib keldi. Mana, sizlarga bashoratchi ham, ogohlantiruvchi ham keldi. Alloh har narsaga qodirdir.

5.20 . Muso o'z qavmiga aytganini eslang: "Ey, qavmim! Allohning sizlarga bergan ne'mati - ichingizdan payg'ambar chiqargani, sizlarni (ba'zilaringizni) podshoh qilgani va olamlardan hech bir (kimsa)ga bermaganini sizlarga ato etganini eslangiz!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 next