MOIDA surasi



5.1 .Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz! Sizlar uchun chorva (xonaki) hayvonlar (go'shti) halol qilindi. Sizlarga (nomlari) o'g'ilajak (hayvonlar) bundan mustasno. Ehrom (haj ibodati)da bo'lganlaringizda ov qilishni halol deb sanamagaysiz. Albatta, Alloh iroda qilgan narsaga hukm qilur.

5.2 . Ey, imon keltirganlar! Allohning (hajga doir) shiorlarini, Harom oy (haj oylari)ni, qurbonliklarni, (ularga taqib qo'yilgan) taqinchoqlarni, Parvardigorlarining fazli va roziligini topish niyati bilan Baytul-Harom (Ka'ba)ga boruvchilarni (ularga qarshilik qilishni) halol deb hisoblamangiz!* Halol (qilingan holat)ga chiqqanlaringda esa, ov qilaveringiz. Sizlarni Masjidul-Haromdan to'suvchi qavmning adovati tajovuz qilishingizga undamasin! Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir.

5.3 .O'limtik, qon, cho'chqa go'shti, Allohdan o'zganing nomi aytib so'yilgan, bo'g'ilib o'lgan, urib o'ldirilgan, yiqilib o'lgan, suzishdan o'lgan va yirtqich hayvon (qisman) yegan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (shar'an) so'yganingiz (haloldir). Yana, but-sanamlarga atab so'yilgan hayvonlar (go'shti) va fol cho'plaridan qismatingizni istashingiz (ham harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir. Bugunga kelib, endi kofirlar diningiz (mag'lubiyati)dan noumid bo'ldilar. Shuning uchun ulardan qo'rqmangiz, Mendan qo'rqingiz! Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim. Kimki, gunohga moyilligidan emas, balki ocharchilikda (mazkur man etilgan narsalardan yeyishga) majbur bo'lsa, albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

5.4 . Sizdan (o'zlariga) halol qilingan narsalar haqida so'raydilar. Ayting: "Sizlarga pokiza narsalar va Alloh sizlarga bildirganidan sizlar o'rgatgan yirtqichlar (keltirgan ovlar) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun tutgan (ovlar)idan "Bismilloh"ni aytib yeyaveringiz va Allohdan qo'rqingizlar. Zero, Alloh hisobi tez zotdir.

5.5 . Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir. Zinokorlik va maxfiy o'ynash qilib olish uchun emas, balki mahrlarini bersangiz, mo'mina ayollarning iffatlilari va sizlardan oldin Kitob berilganlarning iffatli ayollari (ham haloldir). Kimki, imondan kufrga qaytsa, (qilgan savobli) ishi, albatta, zoye bo'lur va u oxiratda ziyon ko'ruvchilardandir.

5.6 . Ey, imon keltirganlar! Namoz (o'qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo'llaringizni tirsaklarigacha yuvingizlar, boshlaringizga mash tortingizlar va oyoqlaringizni to'piqlarigacha (yuvingizlar)! Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningizlar (cho'milingizlar)! Agar bemor yoki safarda bo'lsangiz, yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo'lsangizu, (lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo'llaringizga surting! Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko'rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne'mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangizlar*.

5.7 .Allohning sizlarga bergan ne'matini va "Eshitdik va bo'yin sundik" deb bitishgan ahdingizni eslangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ko'ngillar zoti (siri)ni biluvchidir.

5.8 . Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingizlar: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir.

5.9 . Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga Alloh kechirim va ulkan mukofot va'da qildi.

5.10 . Kufrga ketgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar esa, ana o'shalar jahim (duzax) ahlidirlar.



1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 next