Hud surasi11.40 . To Bizning buyrug'imiz (azobimiz-to'fon) kelib, ishlar keskinlashgach, aytdik: "(Ey, Nuh!) Unga (kemaga) har bir (jonivor)dan bir juft - ikkitadan va ahling (oila a'zolaring)ni, illo (ahlingdan kimlarga g'arq bo'lishi haqida Bizdan) so'z kechgan bo'lsa, ular mustasno, hamda imon keltirganlarni ort." Vaholanki, u bilan birga imon keltirganlar ozchilikdir. 11.41 . (Nuh) dedi: "Unga (kemaga) mininglar! Uning suzishi ham, to'xtashi ham Allohning ismi bilandir. Albatta, Rabbim kechirimli va rahmlidir". 11.42 . U (kema) ularni tog'lardek to'lqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan o'g'lini chaqirib dedi: "Ey, o'g'ilcham! Biz bilan birga (kemaga) mingin! Kofirlar bilan birga bo'lmagin!" 11.43 . U (o'g'li) dedi: "Meni suvdan saqlaydigan biror toqqa (chiqib) panoh toparman". (Nuh) dedi: "Bugun U rahm qilganlardan boshqasiga Allohning amridan saqlab qoluvchi (hech qanday kuch) yo'qdir". (Shu payt) ikkisining o'rtasini bir to'lqin to'sdi va (o'g'li) g'arq qilinganlardan bo'ldi. 11.44 . (So'ngra) aytildi: "Ey, Yer! Suvingni yutgin! Ey, osmon! O'zingni tutgin (yog'ishni bas qil!)" Suv quridi, buyruq ado etildi va (kema) Juvdiy (tog'i) uzra qo'ndi hamda "Zolimlar qavmiga - halokat!" - deyildi. 11.45 . Nuh Rabbiga nido qilib dedi: "Rabbim! O'g'lim mening ahlimdan. Sening (oilamni saqlashga bergan) va'dang esa haq va Sen hukm qiluvchilarning eng donosi (va odili)san". 11.46 . (Alloh) dedi "Ey, Nuh! U sening ahlingdan emas! Albatta, u (uning qilgani) yaxshi ish emas. Bas, Mendan o'zing (yaxshi) bilmagan narsani so'ramagin! Men senga johillardan bo'lishingdan (qaytarib) nasihat qilaman". 11.47 . (Nuh) aytdi: "Rabbim! Men Sendan o'zim (yaxshi) bilmagan narsani so'rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lurman". 11.48 . Aytildi: "Ey, Nuh! Bizdan (bo'lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin! (Ummatingdan kelajakda shunday kofir) jamoalar ham bo'ladiki, ularni ozgina bahramand qilurmiz, so'ngra ularni Bizdan (yuboriluvchi) alamli azob tutar". 11.49 . (Ey, Muhammad!) Bular Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. Bularni ilgari na Siz va na qavmingiz bilar edingiz. Bas, sabr qiling! Albatta, oqibat (yutuq) taqvodorlarnikidir.
|