Hud surasi11.109 . Ana o'sha (mushrik)lar sig'inayotgan narsa tufayli shubhada qolmang? (Ular) oldin ota-bobolari sig'ingandek sig'inaveradilar. Biz ham ularning ulushlarini kamaytirmasdan to'la beruvchidirmiz. 11.110 . Musoga ham Kitob bergan edik. Bas, u haqda ixtilof qilindi. Agar Rabbingizdan (kechiktirish haqida) so'z kechmaganda edi, ularning o'rtalarida (shu dunyoda) hukm chiqarilgan bo'lur edi. Ular (mushriklar) u (Qur'on yoki azob) to'g'risida shak-shubhadadirlar. 11.111 . Barchaga, albatta, Rabbingiz amallari (mukofoti va jazosi)ni mukammal berur. Zero, U (ularning) qilayotgan ishlaridan xabardordir. 11.112 . Bas, buyurilganingizdek to'g'ri bo'ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to'g'ri) bo'lsinlar! Haddan oshib ketmangizlar! Albatta, U qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir. 11.113 . Zulm qilganlarga suyanmangiz, toki sizlarga (do'zaxdan) olov yetmasin! Sizlar uchun Allohdan o'zga do'st yo'qdir. So'ngra sizlarga (qiyomatda ham) yordam berilmas. 11.114 . Kunning har ikki tarafida (ya'ni, ertayu kech) va tunning bir bo'lagida namoz o'qing! Albatta, ezgu ishlar gunohlarni ketkazadi. Bu yod etuvchilar uchun yodnomadir. 11.115 . Sabr qiling! Bas, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar mukofotini zoye qilmas. 11.116 . (Qani endi) sizlardan oldingi asrlarda o'tgan fazilat egalari yer (yuzi)dagi fasod (ishlar)dan qaytarganlarida edi? Lekin ular ichida Biz najot berganlardan ozchiligi (bu) ishni qildilar. Zulm qilganlar o'z rohat-farog'atlari ketidan ketdilar va jinoyatchi bo'lib qoldilar. 11.117 . Rabbingiz aholisi islohotchi bo'lgan shaharlarni zulm bilan halok etuvchi emasdir! 11.118 .Agar Rabbingiz xohlaganida edi, (barcha) odamlarni bir ummat (bir din) qilgan bo'lur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil e'tiqodda) bo'lib borurlar. 11.119 . Rabbingiz rahm qilgan kishilar esa bundan mustasnodirlar. Ularni shuning uchun yaratgandir. Rabbingizning "Jahannamni barcha (kufrda o'tgan) jinlar va odamlar bilan to'ldirajakman", - degan so'zi haqdir. 11.120 . Sizga (ey, Muhammad!) Payg'ambarlarning xabarlaridan dilingizga sabot baxsh etadiganlarini aytib bermoqdamiz. Bu (qissalar)da haqiqat, mo'minlar uchun nasihat va eslatma keldi. 11.121 . Imon keltirmaydiganlarga ayting: "O'z hollaringcha ish qilaveringiz! Biz ham ish qiluvchilarmiz. 11.122 . Kutaveringiz ham. Biz ham kutuvchilarmiz". 11.123 . Osmonlar va Yerning g'aybiy siri Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g'ofil emasdir.
|