Hud surasi11.21 . Ana o'shalar (qiyomatda) o'zlariga ziyon qilganlardir va ular (ko'zi)dan to'qib yurgan (but-sanam)lari g'oyib bo'lur. 11.22 . Shubha yo'qki, ular oxiratda ko'proq ziyon ko'ruvchilardir. 11.23 . Albatta, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan va Parvardigorlari (toati)ga bo'yin sunganlar - aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar. 11.24 . Ikkala guruh (kofir va mo'min)larning misoli xuddi ko'r bilan kar va ko'ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo'ladimi?! Eslab ko'rmaysizlarmi?! 11.25 . Darhaqiqat, Nuhni o'z qavmiga (payg'ambar qilib) yubordik. (U dedi): "Men sizlarga aniq ogohlantiruvchiman. 11.26 . Allohdan o'zgaga sig'inmangizlar! Men sizlarga alamli azob (kelishi)dan qo'rqaman". 11.27 . Bas, qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: "Seni (biz) xuddi o'zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o'ylamay) bir ko'rishda ergashayotganini ko'rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko'rmayapmiz. Balki sizlarni yolg'onchi deb gumon qilmoqdamiz". 11.28 . (Nuh) dedi: "Ey, qavmim! Qani aytingchi, agar Rabbimdan (yuborilgan) hujjatga ega bo'lsam va U menga o'z dargohidan rahmat (payg'ambarlik) ato etgan bo'lsa-yu, sizlarga (bu) mavhum qilib ko'rsatilgan bo'lsa, Sizlar uni yoqtirmagan hollaringda uni sizlarga majburlaymizmi?! 11.29 . Ey, qavmim! Sizlardan u (payg'ambarlik xizmati) uchun mol-dunyo so'ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir. Men (sizlarning talabingiz bilan) imon keltirganlarni (huzurimdan) quvib chiqaruvchi emasman. Zero, ular Parvardigorlari bilan ro'baro' bo'luvchilardir. Lekin sizlarning johil qavm ekanligingizni ko'rib turibman. 11.30 . Ey, qavmim! Agar ularni haydasam Allohning (azobi)dan menga kim yordam beradi? Bas, eslamaysizlarmi?!
|