Hud surasi11.1 . Alif, Lom, Ro. (Bu) oyatlari mustahkam (qat'iy) qilingan, so'ngra Hakimu Dono bo'lmish zot tomonidan batafsil bayon etilgan Kitobdir. 11.2 . (Qisqacha bayoni esa): "Allohdan o'zgaga aslo sig'inmangizlar!" (degan xitobdir). Albatta, men (Muhammad) Uning nomidan ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman. 11.3 . (Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rangizlar, so'ngra Unga tavba qilingizlar, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O'z fazlini ato etur. Agar yuz o'girsangizlar, bas, men sizlarga Ulug' kun (qiyomat) azobi (yetishi)dan qo'rqaman. 11.4 . Qaytish joyingiz Allohning huzuridir. U esa har narsaga qodirdir. 11.5 . Ogoh bo'lingizki, albatta, ular (kofirlar sirlarini) Undan maxfiy tutish uchun ko'kraklarini (boshqa tomonga) buradilar. Ogoh bo'lsinlarki, kiyimlariga o'ranib olganlarida ham (Alloh) yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Albatta, U ko'krak (dil)lardagi sirlarni bilimdonidir. 11.6 . Yerda o'rmalovchi biror narsa (jonzot) yo'qki, uning rizqi (ta'minoti) Allohning zimmasida bo'lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir. 11.7 . U (Alloh) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq (yaxshiroq) ish qilishingizni sinash uchun osmonlar va Yerni olti kunda yaratgan zotdir. (U paytda) Arshi suv ustida edi. Agarda Siz: "Albatta, sizlar o'lgandan keyin tiriltirilursizlar", - desangiz, kufrga ketganlar: "Bu sehrdan o'zga narsa emas!" – deyishlari aniq. 11.8 . Bordiyu ulardan azobni ma'lum muddatgacha kechiktirsak, ular: "Uni (azobni) nima ushlab turibdi?" - deydilar. Ogoh bo'lsinlarki, (azob) keladigan kunida (uni) ulardan qaytarib bo'lmas va masxara qilib yurgan narsalari (azob) ularni qamrab olur. 11.9 . Agarda biz insonga O'z marhamatimizni tottirib, so'ngra (yana) uni tortib olsak, (qarabsizki) u noumid va noshukr (bo'lib qolur). 11.10 . Agarda unga biror zarar kelib ketgandan keyin ne'matlarni tottirib qo'ysak: "Yomonliklar mendan (o'zicha) ketdi", - deydi, albatta. Zero, u mag'rur va faxrlanuvchidir.
|