Tahe surasi



20.71 . (Fir'avn) aytdi: "Men izn bermay turib, unga imon keltirdingizmi?! Shubhasiz, u sizlarga sehr o'rgatgan kattangizdir. Bas, endi (men), albatta, oyoq-qo'llaringizni qaramaqarshisiga (o'ng qo'l, chap oyog'ingizni yoki aksincha) kesurman va sizlarni xurmo shoxlariga osurman, (o'shanda) qaysimizning (ya'ni, meningmi yoki Musoning xudosi) azobi qattiqroq va boqiyroq ekanligini bilib olursizlar".

20.72 . Ular dedilar: "Bizlar o'zimizga kelgan hujjatlarni va bizlarni yaratgan Zotni qo'yib, sira seni tanlamaymiz. Bas, qiladigan hukmingni qilaver! Sen faqat shu dunyodagina hukm qilursan.

20.73 . Bizlarga esa xatolarimizni va sen bizlarni majbur qilgan sehrgarlikdan iborat (gunohimizni) kechirishi uchun Rabbimizga imon keltirdik. Alloh (ning savobi) yaxshiroq va (azobi) boqiyroqdir".

20.74 . Haqiqatan, kimda-kim Parvardigorning huzuriga jinoyatchi (kofir) holida kelsa, albatta, uning uchun jahannam bor, u joyda u na o'la olur va na yashay olur.

20.75 . Kim u zotga yaxshi amallarni qilib, mo'min holida kelsa, bas, ana o'shalar uchun yuksak darajalar,

20.76 . ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan mangulik jannatlari bo'lur. Bu (shirk va kufrdan) pok bo'lgan kishilarning mukofotidir!

20.77 . Biz Musoga: "Sen bandalarimni (Isroil avlodini) tunda olib ketib, ular uchun - (ortingdan) yetib kelishdan xavf qilmagan va (g'arq bo'lishdan ham) qo'rqmagan holingda dengizdan quruq yo'l och", - deb vahiy yubordik.

20.78 . Bas, Fir'avn ularning ortidan o'z lashkarlari bilan quvgan edi, ularning dengiz o'raganicha-o'radi (ya'ni, g'arq bo'ldilar).

20.79 . Fir'avn o'z qavmini adashtirdi, to'g'ri yo'lga boshlamadi.

20.80 . Alloh dedi: "Ey, Isroil avlodi, Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog'i)ning o'ng tomonini va'dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog'dirdik.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 next