Tahe surasi20.61 . Muso ularga (sehrgarlarga) dedi: "Hollaringga voy! Sizlar Alloh sha'niga yolg'on to'qimanglar (mo''jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg'on to'qiganlar noumid bo'lishlari aniqdir". 20.62 . Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar. 20.63 . (So'ng bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, bu ikkovi (Muso va Horun) o'z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo'lingizni (diningizni) yo'qotishni istaydigan sehrgarlardir. 20.64 . Bas, makr-hiylangizni yig'ingiz, so'ng saf tortib kelingiz. Bugun ustun bo'lganlar iqbolli bo'lurlar". 20.65 . (Maslahatlari bitgach,) dedilar: "Ey, Muso, sen (qo'lingdagi asoyingni) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo'laylikmi?" 20.66 . (Muso) aytdi: "Yo'q, sizlar tashlanglar" (ular qo'llaridagi aso va iplarni tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari - sehrlari sababli - unga (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi. 20.67 . Bas, Muso ichida bir qo'rquvni his etdi. 20.68 . Biz aytdik: "Qo'rqmagin! Albatta, sen o'zing oliy (g'olib)dirsan. 20.69 . Qo'lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qayerda bo'lmasin zafar topmas". 20.70 . (Muso asosini tashlagach, ajdahoga aylanib, ular yasagan narsalarini yutib yubordi). Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida (yerga) tashlanib: "Horun va Musoning Parvardigoriga imon keltirdik",- dedilar.
|