Tahe surasi20.121 . Bas, (Odam bilan Havvo) undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o'zlarini jannat yaproqlari bilan to'sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo'lib, yanglishdi. 20.122 . So'ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyat qildi. 20.123 . (Alloh) aytdi: "Undan (ya'ni, jannatdan) har ikkingiz tushingiz. Ba'zingiz (zurriyotingiz) ba'ziga dushmandir. Bas, sizlarga Men (taraf)dan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo'ldan ozmas va baxtsiz bo'lmas. 20.124 . Kim Mening eslatmamdan yuz o'girsa, bas, albatta, uning uchun tang (baxtsiz) turmush bo'lur va Biz uni qiyomat kunida ko'r holda tiriltirurmiz". 20.125 . U: "Rabbim! Nega meni ko'r holda tiriltirding, axir (oldin) ko'ruvchi edim-ku?!" - deydi. 20.126 . (Alloh) aytur: "Shunday. (Lekin) senga Bizning oyatlarimiz kelganida, ularni unutding. Bugun sen ham ana shunday "unutilursan". 20.127 . Haddan oshgan va Parvardigorining oyatlariga imon keltirmaganlarni mana shunday jazolarmiz. Oxirat azobi esa, shubhasiz, qattiqroq va boqiyroqdir. 20.128 . Biz ulardan ilgari ham ularning maskanlarida (yashab) yurgan qancha avlodlarni (kufrlari sababli) halok qilganimiz ularni to'g'ri yo'lga solmadimi?! Albatta, bunda aql egalari uchun alomatlar bordir. 20.129 . Agar Rabbingiz (tomoni)dan (mukofot va jazolar qiyomatda bo'lishi xususida) So'z va belgilangan muddat bo'lmaganida edi, albatta, (ularga darhol azob berilishi) lozim edi. 20.130 . Bas, (ey, Muhammad,) ular aytayotgan so'zlarga sabr qiling va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan (Unga) tasbeh ayting (namoz o'qing)! Kecha(ning boshi va oxirgi) vaqtlarida hamda kunduz(ning avvalgi va oxirgi) taraflarida ham tasbeh ayting (namoz o'qing), shoyad rozilikka erishsangiz. 20.131 . Siz (kofirlardan ayrim) toifalarni sinashimiz uchun bahramand qilgan dunyo hayoti go'zalliklaridan iborat narsalarga ko'zlaringizni termultirmang! Rabbingizning rizqi yaxshiroq va boqiyroqdir. 20.132 . Ahlingizni namoz (o'qish)ga buyuring va (o'zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo'ling! Biz Sizdan rizq so'ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat taqvo (ahli) uchundir. 20.133 . (Mushriklar: "Muhammad) Parvardigori tomonidan bizlarga biror hujjat keltirsa edi", - deydilar. Axir, ularga ilgarigi sahifalardagi (ilohiy kitoblardagi) hujjat (Qur'on) kelmadimi?! 20.134 . Agar Biz ularni undan (Muhammad yoki Qur'ondan) ilgari biror azob bilan halok qilganimizda, ular, albatta: "Parvardigoro, bizlarga biror payg'ambar yuborganingda edi, bizlar xor-zor va sharmanda bo'lmay Sening oyatlaringga ergashar edik", - degan bo'lur edilar. 20.135 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Barcha(miz) kutuvchidir(miz). Bas, kutaveringlar! Yaqinda kimlar To'g'ri yo'l egalari va kim hidoyat topgan ekanini bilursizlar".
|