Tahe surasi20.1 . To, ho. 20.2 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizga bu Qur'onni qiynalib mashaqqat chekishingiz uchun emas, 20.3 . balki (Allohdan) qo'rqadigan kishilar uchun eslatma sifatida nozil qildik. 20.4 . (U) Yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zot (tomoni)dan nozil qilingandir. 20.5 . (U) Arsh uzra mustaviy bo'lmish Rahmondir. 20.6 . Osmonlardagi, Yerdagi va ularning orasidagi hamda zamin ostidagi bor narsa Unikidir. 20.7 . Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufyona gapirsangiz ham), albatta, U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur. 20.8 . Alloh - Undan o'zga iloh yo'qdir. Uning go'zal ismlari bordir. 20.9 . (Ey, Muhammad,) Sizga Muso haqidagi xabar keldimi? 20.10 . Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko'rib oilasiga: "(Shu yerda) turinglar, men bir olovni ko'rib qoldim, shoyadki sizlarga biror cho'g' olib kelarman yoki shu o't (atrofi)da biror yo'l (ko'rsatuvchi) toparman",- dedi.
|