SOD surasi38.21 . (Ey, Muhammad,) Sizga da'vogar (ikki jamoat) xabari keldimi? O'shanda ular (Dovud ibodat qilayotgan) mehrobga chiqishdi. 38.22 . Dovud huzuriga kirishganda, u ulardan qo'rqib ketdi. Ular dedilar: "Qo'rqmagin, (Bizlar) birimiz birimizga zulm qilgan ikki da'vogardirmiz. Bas, sen bizlarning o'rtamizda haqqoniy hukm qilgin va (bizlardan birortamizga) jabr qilmagin hamda bizlarni To'g'ri yo'lga boshlagin". 38.23 . (Ularning biri dedi): "Darvoqe, mana bu mening birodarim, uning to'qson to'qqiz sovliq qo'yi bor, mening esa birgina sovlig'im bordir. Bas, u: "O'shani ham menga topshirgin", -dedi va meni bahsda yengib qo'ydi". 38.24 . (Dovud ikkinchi da'vogarni tinglamasdanoq) dedi: "Darhaqiqat, u sening sovlig'ingni o'z sovliqlariga (qo'shib olishni) so'rab senga zulm qilibdi. Darvoqe, ko'p oshna-og'aynilar bir-birlariga zulm qilurlar. Faqat imon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan kishilargina (zulm qilmaslar), Ular esa juda ozdirlar". Dovud uni imtihon qilganimizni bildida, Parvardigoridan (shoshib hukm chiqargani uchun) mag'firat qilishni so'radi va (sajdaga) egilgan holida yiqilib, tavba qildi. 38.25 . Bas, Biz uni o'sha (xatosi)ni kechirdik. Albatta, uning uchun Bizning huzurimizda qurbat (yaqinlik) va go'zal oqibat (jannat) bordir. 38.26 .Ey, Dovud! Darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yo'lidan ozdirur. Albatta, Alloh yo'lidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qo'yganlari sababli qattiq azob bordir. 38.27 . Biz osmon va Yerni hamda ularning o'rtasidagi bor narsalarni behuda yaratgan emasmiz. Bu (behuda yaratilgan degan gap) kofir bo'lgan kimsalarning gumonidir. Bas, kofir bo'lgan kimsalar uchun do'zaxdan iborat halokat bo'lgay! 38.28 . Biz imon keltirgan va yaxshi amallarni qilgan zotlarni yerda buzg'unchilik qilib yuruvchi kimsalardek qilamizmi?! Yoki taqvodor zotlarni fisqu fujur qilib yurgan kimsalar kabi qilar ekanmizmi?! 38.29 . (Ey, Muhammad, ushbu Qur'on) oyatlarini tafakkur qilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun Biz Sizga nozil qilgan muborak Kitobdir. 38.30 . Dovudga Sulaymonni ato etdik. (Sulaymon) naqadar yaxshi bandadir! Darhaqiqat, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir.
|