AHZOB surasi



33.21 . (Ey, imon keltirganlar,) sizlar uchun - Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir.

33.22 . Mo'minlar firqalarni (yovni) ko'rgan vaqtlarida: "Bu Alloh va payg'ambari bizlarga va'da qilgan narsadir (imtihondir). Alloh va payg'ambarining so'zi rostdir", - dedilar va (bu) ularning imon va itoatlarini yanada ziyoda qildi.

33.23 . Mo'minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir. Bas, ulardan o'z ahdiga vafo qilgani (shahid bo'lgani) va ulardan (shahid bo'lishni) kutayotgani bordir. Ular (ahdu paymonlarini) o'zgartirganlari yo'q.

33.24 . Alloh (ahdiga) sodiq kishilarni sadoqatlari sababli mukofotlash uchun, munofiqlarni esa, agar xohlasa, azobga giriftor etish yoki tavbalarini qabul qilish uchun (mazkur sinovni o'tkazdi). Alloh mag'firatli va mehribon zotdir.

33.25 . Alloh kofirlarni darg'azab hollarida qaytardi. Ular biror yaxshilik (foyda)ga erishmadilar. Alloh mo'minlarga jang to'g'risida kifoya qildi (mo'minlarni jangsiz g'olib qildi). Alloh kuchli va qudratli zotdir.

33.26 . U (firqalarga) yordam bergan, ahli kitobdan iborat kimsalarni (Alloh) o'z qal'alaridan tushirdi va dillariga qo'rquv soldi. (Ulardan) bir guruhni o'ldirursizlar, bir guruhni asir olursizlar.

33.27 . Sizlarni ularning yerlariga, maskanlariga, mol-mulklariga va oyoqlaringiz yetmagan yerlariga voris qildi. Alloh har narsaga qodir zotdir.

33.28 . Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga ayting: "Agar sizlar dunyo hayotini va uning zebu ziynatlarini istaydigan bo'lsangizlar, u holda kelinglar, men sizlarni (o'sha narsalar bilan) bahramand qilay va yaxshilab kuzatay (taloq qilay).

33.29 . Agar Allohni, Uning payg'ambarini va oxirat diyorini istaydigan bo'lsangizlar, u holda Alloh sizlarning orangizdagi chiroyli amal qiluvchilar uchun ulkan mukofot (jannat)ni tayyorlab qo'ygandir".

33.30 . Ey, Payg'ambar ayollari, sizlardan kim aniq fahsh ishini qilar ekan, uning uchun azob ikki barobar ziyoda qilinur. Bu Allohga osondir.



back 1 2 3 4 5 6 7 next