AHZOB surasi



33.31 . Sizlardan kim Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va ezgu amal qilsa, Biz uning mukofotini ikki hissa qilib berurmiz va uning uchun farovon rizq (jannat)ni tayorlab qo'ygandirmiz.

33.32 . Ey, Payg'ambar ayollari, agar taqvodor bo'lsangizlar, (o'zga) ayollarning birortasi kabi emasdirsizlar. Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so'z qilmanglarki, aks holda qalbida buzuqlik bo'lgan kimsa ta'ma qilib qolur. Yaxshi (to'g'ri) so'zni so'zlangizlar!

33.33 . O'z uylaringizda qaror topinglar, (ko'chaga chiqqanlaringizda esa) ilgarigi johiliyat (davri) yasanishidek yasanmangizlar! Namozni mukammal ado etinglar, zakotni beringlar hamda Alloh va Uning payg'ambariga itoat etinglar! Ey, (Payg'ambarning) xonadon ahli, Alloh sizlardan gunohni ketkazishni va sizlarni obdon poklashni istaydi, xolos. (oyatning bu qismi Ali  Fotima , Hasan  va Husaynlar haqlarida bo`lib, ularning ma`sumliklariga dalolat qiladi)

33.34 . Uylaringizda Allohning tilovat qilinadigan oyatlari va hikmat (ya'ni, payg'ambar hadislari)ni zikr qilinglar! Albatta, Alloh lutfli va ogoh zotdir.

33.35 . Albatta, muslim va muslimalar, mo'min va mo'minalar, itoatli erkaklar va itoatli ayollar, rostgo'y erkaklar va rostgo'y ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, tavozu'li (kamtar) erkaklar va tavozu'li ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro'za tutuvchi erkaklar va ro'za tutuvchi ayollar, avratlarini (haromdan) saqlovchi erkaklar va (avratlarini haromdan) saqlovchi ayollar, Allohni ko'p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko'p) zikr qiluvchi ayollar - ular uchun Alloh mag'firat va ulug' mukofot (ya'ni, jannat)ni tayyorlab qo'ygandir.

33.36 . Alloh va Uning payg'ambarlari bir ishni hukm qilganda - hech bir mo’min va mo’minaga (uni bajarish yoki bajarmaslik) ishlarida ixtiyor bo'lishi mumkin emasdir. Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi.

33.37 . (Ey, Muhammad,) eslang, Allohning va Sizning in'omingizga erishgan (Zayd ibn Horisa)ga: "Juftingni o'zingga saqlagin (taloq qilishga shoshmagin), Allohdan qo'rqqin", - deb, Alloh oshkor qiluvchi bo'lgan narsani ichingizda yashirgan edingiz va Allohdan qo'rqishga haqliroq bo'lgan holingizda, Siz odamlardan (ta'nalaridan) qo'rqqan edingiz. Bas, qachonki, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo’minlarga asrandi bolalari o'z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida tanglik bo'lmasligi uchun (shunday) qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir.

33.38 . Allohning payg'ambarga farz (halol) qilgan narsada unga tanglik bo'lmas. (Bu) ilgari o'tgan (payg'ambarlar) haqidagi Allohning yo'lidir. Allohning ishi o'lchovli taqdirdir.

33.39 . Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo'rqadigan va Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning O’zi yetarli hisobdondir.

33.40 . Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.



back 1 2 3 4 5 6 7 next