AHZOB surasi



33.11 . Ana o'sha joyda mo'minlar imtihon qilindilar va (dahshatdan) qattiq larzaga tushdilar.

33.12 . O'shanda munofiqlar va dillarida illat bo'lgan (e'tiqodlari zaif) kimsalar: "Alloh va Uning payg'ambari bizlarga faqat yolg'on va'da qilgan ekanlar", - deya boshladilar.

33.13 . O'shanda ulardan bir toifasi dedi: "Ey, Yasrib (Madina) ahli, sizlar uchun (bu qadar ko'p sonli yovga qarshi) turish imkoni yo'qdir, bas, (o'z uylaringizga) qaytib ketinglar". Ulardan yana bir guruhi esa: "Uylarimiz ochiq-sochiq", - deb Payg'ambardan izn so'radilar. Holbuki, (uylari) ochiq-sochiq emas edi. Ular faqat (jangdan) qochishnigina istardilar.

33.14 . Agar ularning (munofiqlarning) ustiga (Madinaning turli) tomonlaridan kirilsa, so'ngra ulardan fitna talab qilinsa, albatta, ular ko'p (ikkilanib) turmasdan unga (fitnaga) kelgan bo'lur edilar.

33.15 . Holbuki, ular ilgari ortga chekinmaslari haqida Alloh bilan ahdlashgan, Allohga berilgan ahd esa (qiyomat kunida) so'raluvchidir.

33.16 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Agar sizlar o'lishdan yo o'ldirilishdan qochsangizlar, bu qochish sizlarga sira foyda bermas, demak, sizlar hayotdan juda oz foydalanursizlar".

33.17 . Ayting: "Agar Alloh sizlarga yomonlikni iroda etsa, sizlarni kim undan asray olur yoki U sizlarga marhamatni iroda qilsa (kim uni to'sa olur)?!" Ular o'zlariga Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham topa olmaslar.

33.18 . Alloh sizlarning orangizdagi (jihodga) to'sqinlik qiladigan va o'z do'stlariga: "Biz tomonga o'tinglar", - deydigan kimsalarni aniq bilur. Ular jangga kamdan-kam kelurlar.

33.19 . (Bu) sizlarga nisbatan baxilliklaridir. Bas, qachonki, (yov tomonidan) xavf kelsa, siz ularni o'lim o'rab behush bo'lgan kimsa kabi ko'zlari o'ynab, siz tomonga qarayotganlarini ko'rasiz. Bas, qachonki, xavf ketsa, ular yaxshilik (o'ljalar) ustida ochko'zlik qilib, sizlarni o'tkir tillar bilan ranjiturlar. Ular imon keltirmaganlar, bas, (shu sababli) Alloh ularning amallarini behuda ketkazdi. Bu Allohga osondir.

33.20 . Ular (munofiqlar) u firqalarni (yovni) ketmagan deb o'ylaydilar va agar u firqalar (qaytib) kelib qolsalar, ko'chmanchi badaviylar orasida bo'lib, sizlardan xabar so'rab turishni istaydilar. Agarda ular sizlarning orangizda bo'lganlarida ham kamdan-kam jang qilgan bo'lur edilar.



back 1 2 3 4 5 6 7 next