AHZOB surasi



33.1 . Ey, Payg'ambar, Allohdan qo'rqing! Kofirlar va munofiqlarga itoat etmang! Albatta, Alloh bilimli va hikmatli zotdir.

33.2 . Rabbingiz (tomoni)dan Sizga vahiy qilinadigan oyatlarga ergashing! Albatta, Alloh sizlar qilayotgan amallardan ogohdir.

33.3 . Allohga tavakkul qiling! Allohni O'zi yetarli vakil (homiy)dir.

33.4 . Alloh bir kishining ichida ikki qalb qilgan emasdir. (Shuningdek), sizlar "zihor" qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni o'z bolalaringiz qilgan emasdir. Bu sizlarning og'izlaringizdagi so'zingizdir. Alloh esa haqiqatni aytur va Uning O'zi yo'lga boshlar.

33.5 . Ularni (asrandi farzandlarni) o'z otalari (ismi) bilan chaqiringlar. Shu Alloh nazdida adolatliroqdir. Bas, agar ularning otalarini bilmasangizlar, u holda (ular) sizlarning diniy birodarlaringiz va do'stlaringizdir. Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo'qdir, lekin ko'ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo'lursizlar). Alloh kechirimli va mehribon zotdir.

33.6 . Payg'ambar mo'minlarga o'zlaridan ham haqliroqdir, uning ayollari esa ularning onalaridir. Allohning Kitobida qarindoshlar (merosxo'rlikda) bir-birlariga (qarindosh bo'lmagan) mo'minlardan va muhojirlardan ko'ra haqliroqdirlar. Magar sizlar (diniy) do'stlaringizga (meros berishlik bilan) yaxshilik qilmog'ingiz (mumkin). Bu, Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) bitiklidir.

33.7 . Eslang, Biz (barcha) payg'ambarlardan va Sizdan, Nuhdan, Ibrohim, Muso va Iso ibn Maryamdan qat'iy ahd olgandik.

33.8 . Bu rostgo'ylardan (qiyomatda) sodiqliklari haqida so'rash uchun edi. (Alloh) kofirlar uchun alamli azob tayorlab qo'ygandir.

33.9 . Ey, imon keltirganlar, sizlarga (qarshi) qo'shinlar kelgan paytida Biz ularning ustiga shamol va sizlar ko'rmagan qo'shinlar (farishtalar)ni yuborganimizni - Allohning sizlarga bergan ne'matini eslanglar! Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchi zotdir.

33.10 . O'shanda ular sizlarning ustingizdan ham, sizlardan quyi (tomon)dan ham (bostirib) kelgan edilar. O'shanda ko'zlar tinib, yuraklar bo'g'izga tiqilib qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edingizlar.



1 2 3 4 5 6 7 next