Furqan surasi



25.61 . Osmonda burjlarni barpo qilgan va unda chiroq (quyosh) va nurafshon oyni paydo qilgan zot barakotli (buyuk)dir.

25.62 . U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo'lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (o'zaro) o'rinbosar qilib qo'ygan zotdir.

25.63 . Rahmonning (suyukli) bandalari yerda tavoze bilan yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda "Salomatlik bo'lsin", deb javob qiladigan kishilardir.

25.64 . Ular kechalarni Parvardigorga sajda qilgan va tik turgan (bedor) holda o'tkazadigan kishilardir.

25.65 . Ular: "Parvardigoro, O'zing bizlardan jahannam azobini daf etgin. Darhaqiqat, uning azobi halokatlidir.

25.66 . Darhaqiqat, u eng yomon qarorgoh va eng yomon maqomdir",- deydigan kishilardir.

25.67 . Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida - mo''tadildir.

25.68 . Ular Alloh bilan birga boshqa "iloh"ga iltijo qilmaslar va Alloh o'ldirishni man etgan jonni nohaq o'ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlar)ni qilsa, gunoh (uqubat)ga uchrar.

25.69 . Qiyomat kunida unga azob bir necha barobar ziyoda qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur.

25.70 . Illo, kimki tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o'shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo'yur. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.

25.71 .Kimki tavba qilib ezgu (ishlarni) qilsa, bas, albatta, u Alloh (rizosi va mag'firati)ga qaytgan bo'lur.

25.72 . Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg'on guvohlik bermaslar va behuda (so'z yo ish) oldidan o'tgan vaqtlarida olijanoblik bilan (undan yuz o'girgan hollarida) o'tarlar.

25.73 . Ularga Parvardigorlarining oyatlari eslatilgan vaqtida u (oyatlar)ga kar va ko'r hollarida yiqilmaydilar (balki ularni anglab-bilib amal qilurlar).

25.74 . Ular: "Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko'z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin", - deydigan kishilardir.

25.75 . Aynan o'shalar sabr qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalar bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar.

25.76 . Ular o'sha joyda mangu qolurlar. U eng go'zal qarorgoh va eng go'zal dargohdir.

25.77 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Agar duolaringiz bo'lmaganida, Parvardigorim sizlarga parvo qilmas edi. Bas, sizlar (U yuborgan payg'ambarni) inkor etdingiz. Endi, albatta, sizlarga (azob-uqubat) lozim bo'lur".



back 1 2 3 4 5 6 7