Furqan surasi25.11 . Yo'q, ular qiyomatni inkor etdilar. Biz esa qiyomatni inkor etganlar uchun do'zaxni tayyorlab qo'ygandirmiz. 25.12 . (Do'zax) ularni uzoq joydan ko'rgandayoq uning g'alayoni va bo'kirigini eshiturlar. 25.13 . Qachonki, kishanlangan hollarida uning tor joyiga tashlanganlarida, o'sha joyda (o'zlariga) halokat tilab qolurlar. 25.14 . (Shunda ularga): "Sizlar bugun bir halokat emas, ko'p halokatlarni tilanglar" (deyilur). 25.15 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Shu (do'zax) yaxshiroqmi yoki taqvodorlarga va'da qilingan mangulik jannatimi?!" Ular uchun (bu) mukofot va natijadir. 25.16 . Ular uchun o'sha joyda mangulik hollarida barcha xohlagan narsalari muhayyo bo'lur. Bu Rabbingiz zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir. 25.17 . (Alloh) ularni (mushriklarni) ham, Allohni qo'yib ibodat qilayotgan butlarini ham to'plab (ularga): "Mening anavi bandalarimni sizlar yo'ldan ozdirdingizlarmi yoki ularning o'zlari yo'ldan ozdilarmi?" - deydigan Kunda, 25.18 . ular derlar: "Ey, pok Parvardigor, bizlar uchun Sendan o'zga do'stlar tutish mumkin bo'lmagan edi. Lekin, (Sen) ularni va ota-bobolarini (shunday) ta'minladingki, hatto ular (Seni) eslashni ham unutdilar va halokat qavmi bo'lib qoldilar". 25.19 . (Ey, mushriklar,) mana, ular (sizlar "Xudo"lar deb sig'ingan butlar) aytayotgan so'zlaringizda sizlarni yolg'onchi qildilar. Endi (azobdan) qutulishga ham, (o'zlaringga) yordam qilishga ham qodir emassizlar. Sizlardan kim zolim - mushrik bo'lsa, Biz unga katta azobni totdirurmiz. 25.20 . (Ey, Muhammad,) Sizdan ilgari Biz yuborgan barcha payg'ambarlar ham, albatta, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Biz sizlarning ba'zilaringizni ba'zilaringiz uchun sinov qilib qo'ydik - (qani,) sabr qila olurmisizlar? Rabbingiz esa ko'rib turuvchi zotdir.
|