Furqan surasi25.51 . Agar Biz xohlasak, har qishloq (va shahar)ga bir ogohlantiruvchi (payg'ambar) yuborgan bo'lur edik. 25.52 . Bas, Siz kofirlarga itoat etmang va u (Qur'on)ning yordamida ularga qarshi qattiq kurashing! 25.53 . (Alloh) ikki dengiz (daryo)ni bunisi juda chuchuk, unisi juda sho'r qilib oqizib qo'ygan va ularning o'rtasida to'siq va puxta parda qilib qo'ygan zotdir. 25.54 . U (haqir) suvdan (maniydan) insonni yaratib, so'ng uni (nasl) - nasabli va quda-anda qilib qo'ygan zotdir. Darhaqiqat, Rabbingiz (har ishga) qodirdir. 25.55 . (Kofirlar) Allohni qo'yib, o'zlariga foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar. Kofir o'z Parvardigoriga qarshi (shaytonga) yordamchidir. 25.56 . (Ey, Muhammad,) Biz Sizni faqat (mo'minlarga jannatdan) xush xabar beruvchi, (kofirlarni esa oxirat azobidan) ogohlantiruvchi qilib yubordik. 25.57 . Ayting: "Men sizlardan uning ustidan (hech qanday) haq so'ramayman, faqat Parvardigori sari yo'l tutishni xohlaydigan kishilar bo'lsa bas". 25.58 . O'lmaydigan Tirik zotga tavakkul qiling hamda Unga hamdi bilan tasbeh ayting! U O'z bandalarining gunohlaridan yetarli ogohdir. 25.59 . U osmonlar va Yerni hamda ularning orasidagi (barcha) narsalarni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan zotdir. U Rahmondir. Bas, U zot haqida xabardor (bilimdon kishilar)dan so'rang! 25.60 . Qachonki (mushriklarga): "Rahmonga sajda qilinglar!" - deyilsa, ular: "Nima u Rahmon? Sen buyurgan narsaga sajda qilaveramizmi?" - deyishadi va (bu so'z) ularni yanada (imondan) yiroqlashtiradi.
|