Furqan surasi



25.1 . Olamlar (insonlar va jinlar)ga ogohlantiruvchi bo'lishi uchun O'z bandasi (Muhammad)ga Furqon (Qur'on)ni nozil etgan zot barakotli (buyuk)dir.

25.2 . U (yana) osmonlar va Yerning hukmronligiga ega, farzand tutmagan, podshohlikda sherigi bo'lmagan va barcha narsani yaratib, (aniq) o'lchovi bilan o'lchab qo'ygan zotdir.

25.3 . (Mushriklar) esa Uni qo'yib, biror narsa yarata olmaydigan, (balki) o'zlari yaraluvchi bo'lgan, o'zlariga ham biror zarar yoki foyda berishga ega bo'lmaydigan va na o'lim berishga, na hayot berishga va na qayta tiriltirishga ega bo'lmaydigan "ilohlar"ni tutdilar (ularga sig'indilar).

25.4 . Kufrda bo'lganlar: "Bu (Qur'on) faqat (Muhammad) o'zi to'qib olgan bir yolg'ondir. Unga bu (ishda) boshqa qavmlar (ba'zi ahli kitoblar) yordam bergan", - deb nohaqlik va bo'hton qildilar.

25.5 . Yana ular: "(Bu) avvalgilarning afsonalaridir, (Muhammad) ularni ko'chirib olgan. Bas, (bu afsonalar) unga ertayu kech o'qib berilur", - dedilar.

25.6 . (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Uni osmonlar va Yerdagi (barcha) sirni biladigan zot nozil qilgandir. Albatta, U mag'firatli va rahmlidir".

25.7 . (Yana) dedilar: "Bu qanday payg'ambarki, (oddiy odamlardek) taom yesa va bozorlarda yursa?! Unga (payg'ambarligini tasdiqlaydigan) biror farishta tushirilib, u bilan birga ogohlantiruvchi bo'lsa edi?!

25.8 . Yoki unga (osmondan ehtiyoji uchun) xazina tashlansa edi yoxud uning uchun bir bog' bo'lib, u (boq)dan ovqatlansa edi". Zolimlar (mo'minlarga): "Sizlar faqat bir sehrlangan kishiga ergashmoqdasiz",- dedilar.

25.9 . (Ey, Muhammad,) qarang, ular Sizga qanday masallarni to'qidilar-a?! Bas, ular (haq) yo'ldan ozdilar. Endi ular yo'l (topish)ga qodir bo'lmaydilar.

25.10 . Agar xohlasa, Siz uchun (shu dunyodayoq) o'shandan (ular aytgan bog' va xazinadan) yaxshiroq narsani - ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarni qilib bera oladigan va Siz uchun qasrlarni qurib beradigan zot (Alloh) barakotli (buyuk)dir.



1 2 3 4 5 6 7 next