NAHL surasi16.81 . Alloh sizlar uchun o'zi yaratgan narsalardan soya joylar (bunyod) etdi va sizlar uchun tog'lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq (va sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (turli) xavfdan saqlaydigan sovutlar yaratdi. (Imon keltirib) musulmon bo'lursizlar, deb sizlarga o'z ne'matini U mana shunday komil qilib berur. 16.82 . (Ey, Muhammad,) agar ular (Sizdan) yuz o'girsalar, u holda Sizning zimmangizda faqat (haqiqatni) ravshan qilib yetkazish bor, xolos. 16.83 . (Ular) Allohning ne'matini taniydilar, keyin esa uni inkor etadilar. Ularning aksariyati kofirlardir. 16.84 . Har bir ummatdan Biz bir guvohni (o'sha ummatning payg'ambarini) keltirib qo'yadigan kunni eslang! So'ngra kofir bo'lganlarga (uzr aytish uchun) izn berilmas hamda ulardan (Allohni) rozi qilish ham talab qilinmas. 16.85 . Zulm qilganlar azobni ko'rganlarida (ya'ni, qiyomatda) ulardan (u azob) yengillatilmas va ularga muhlat ham berilmas. 16.86 . (O'sha kuni) mushrik bo'lgan kimsalar o'zlarining keltirgan shirklarini ko'rgan vaqtlarida: "Ey, Rabbimiz! Anavilar Bizlar Seni qo'yib, sig'ingan ilohlarimiz", - deganlarida, (butlar bunga javoban): "Sizlar, haqiqatan, yolg'onchidirsizlar", - deb gap qoturlar. 16.87 . Ular u Kunda Allohga (o'zlarini) taslim qilurlar va o'zlari to'qib olgan ("iloh")lari esa ulardan g'oyib bo'lur. 16.88 . Kufrda bo'lgan va (odamlarni) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarga buzg'unchilik qilganlari sababli azob ustiga azobni ziyoda qilurmiz. 16.89 . Har bir ummat ichidan o'zlari uchun o'zlaridan bir guvohni (ya'ni, payg'ambarni) keltiradigan kunimizni eslang! Sizni esa (Ey, Muhammad), ana ular (o'z ummatingiz)ga guvoh qilib keltirurmiz. Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo'lgan Kitob (Qur'on)ni nozil qildik. 16.90 . Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyurar hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytarur. (U) eslatma olursizlar, deb sizlarga nasihat qilur.
|