NAHL surasi16.61 . Agar Alloh odamlarni zulmlari sababli ushlaydigan (jazolaydigan) bo'lsa, unda (Yer yuzida) biror jonivorni (tirik) qo'ymagan bo'lur edi. Lekin, ularni ma'lum muddatgacha qo'yib berur. O'sha muddatlari yetib kelganida esa, uni biror soat ketga ham sura olmaydilar, oldinga ham. 16.62 . Ular o'zlari yomon ko'radigan narsa (qiz bolalar)ni Allohga tirkab, yana tillari o'zlariga chiroyli mukofot (jannat) bo'lishi haqida yolg'on so'zlaydi. Shubha yo'qki, ular do'zax ahllaridir va albatta, ular (do'zaxga) birinchilar (qatorida tashlanuvchilar)dir. 16.63 . (Ey, Muhammad), Alloh (nomim)ga qasamki, darhaqiqat, Biz Sizdan oldingi ummatlarga ham payg'ambarlar yuborganimizda, shayton ularga o'zlarining (razil) ishlarini chiroyli qilib ko'rsatgan edi. U bugun (bu dunyoda) ularning "do'sti"dir. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir. 16.64 . Biz Sizga imon keltiradigan qavm uchun hidoyat va rahmat bo'lmish Kitob (Qur'on)ni ularga o'zlari ixtilof etayotgan narsalarini aniq qilib berishingiz uchungina nozil qildik. 16.65 . Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli "o'lik" yerni "tiriltirdi". Albatta, bunda (nasihatga) quloq tutadigan qavm uchun alomat bordir. 16.66 . Darvoqe, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham ibrat bordir; sizlarni ularning qorinlaridagi najosat va qon oralaridan chiquvchi, (lekin) ichuvchilar uchun ishtahali toza sut bilan sug'orurmiz. 16.67 . Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa aroq va go'zal (halol) rizq olursizlar. Albatta, bunda ham anglaydigan qavm uchun alomat bordir. 16.68 . (Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (bo'yruq) qildi: "Tog'larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan narsalarga in quringiz. 16.69 . So'ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo'ygan yo'llardan yuringiz!" Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir. 16.70 . Sizlarni Alloh yaratdi. So'ngra vafot etdiradi ham. Sizlarning orangizda eng tuban umr ko'rishga (keksayib, zaif holatga) qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh bilimli va qudratlidir.
|