NAHL surasi16.101 . Qachonki, (Biz) bir oyat o'rniga boshqa bir oyatni almashtirsak, - holbuki, Alloh o'zi nozil qiladigan oyatlarni yaxshi biluvchidir - ular (payg'ambarga): "Haqiqatan, sen o'zing to'qib oluvchisan", - deydilar! Yo'q! Ularning ko'plari (buning hikmatini) bilmaydilar! 16.102 . (Ey, Muhammad! Ularga) uni (ya'ni, Qur'onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo'lgan holida barhaq nozil qilganini ayting! 16.103 . Aniqki, (Biz) ularning: "Unga (Muhammadga Qur'onni) biror odam o'rgatmoqda", - deyayotganlarini bilurmiz. (Lekin) ular ishora qilayotgan kimsaning tili ajamiy (arabiy emas), bu (Qur'on) esa aniq arabiydir. 16.104 . Albatta, Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlarni Alloh hidoyat qilmas. Ular uchun alamli azob bordir. 16.105 . Yolg'on so'zlarni faqat Alloh oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qurlar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir. 16.106 . Kim Allohga imon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo'lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi imon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko'ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g'azab va ulkan azob bordir! 16.107 . Bu (azob-uqubatlar)ga sabab ularning dunyo hayotini oxiratdan afzal bilishlari va Allohning kofirlar qavmini hidoyat qilmasligidir. 16.108 . Ana o'shalar dillarini, quloqlarini va ko'zlarini Alloh muhrlab qo'ygan kishilardir va ana o'shalar g'ofillardir. 16.109 . Shak yo'qki, oxiratda ziyon ko'ruvchilar ham o'shalardir. 16.110 . So'ngra, albatta, Rabbingiz, fitnalarga duchor bo'lganlaridan keyin (Makkadan Madinaga) hijrat qilgan, so'ng (Alloh yo'lida) jihod qilib, (mashaqqatlarga) sabr qilgan zotlar uchun, albatta, Rabbingiz shulardan keyin (ularni) mag'firat qiluvchi va rahm etuvchidir.
|