NAHL surasi16.71 . Alloh ba'zilaringizdan ba'zilaringizni rizqda yuqori qilib qo'ydi. Bas, bu (rizqda) yuqori qilinganlar o'zlarining rizqlarini qo'l ostidagi (qul)lariga bermaydilarki, barchalari (rizqda) barobar bo'lib olsalar. Bas, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?! 16.72 . Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?! 16.73 . Allohni qo'yib, ular uchun osmonlar va yerdan biror narsani rizq qilib bermaydigan va bera olmaydigan (but)larga sig'inadilarmi?! 16.74 . Bas, Allohga (zarbul) masal to'qimanglar! Albatta, Alloh bilur, sizlar bilmaysizlar. 16.75 . Alloh shunday bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan qaram qul bilan Biz o'z tarafimizdan yaxshigina rizq berib, o'sha rizqdan yashirin va oshkora ehson qilayotgan (hur) kishi barobar bo'ladimi? Hamd Allohga (xos)dir. Lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar. 16.76 . Alloh yana ikki kishi haqida misol keltirur: ulardan biri hech narsaga kuchi yetmaydigan soqovdir. U egasiga (ortiqcha) yuk bo'lib (xojasi) uni qayerga yuborsa, biror yaxshilik (foyda) keltirmaydi. O'sha kimsa bilan o'zi To'g'ri yo'lda bo'lgani holda, (o'zgalarni ham) adolatga buyuradigan kishi barobar bo'lurmi?! 16.77 . Osmonlar va Yerning g'ayb (ilm)i Allohga xosdir. Qiyomat ishi (qoyim bo'lishi) ko'zni ochib-yumish yoki undan ham yaqinroqdir. Darhaqiqat, Alloh hamma narsaga qodirdir. 16.78 . Alloh sizlarni onalaringiz qorinlaridan biror narsani bilmaydigan holingizda chiqardi va shukr qilishingiz uchun sizlarga quloq, ko'zlar va dillarni berdi. 16.79 . Osmon fazosida (uchishga) bo'yin sundirilgan qushlarga boqmaydilarmi?! Ularni faqat Alloh tutib turibdi-ku! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun alomatlar bordir. 16.80 . Alloh sizlar uchun uylaringizni oromgoh qildi va sizlar uchun chorva hayvonlarining terilaridan ko'chadigan kuningizda va qo'nadigan kuningizda yengil ko'tarib keta oladigan ovullar (bunyod) etdi hamda (qo'ylarning) junlaridan, (tuyalarning) yunglaridan va (echkilarning) tivitlaridan ma'lum bir vaqtga qadar foydalaniladigan jihoz va matohlar (yaratdi).
|