NAHL surasi16.51 . Alloh: "Ikki xudoni iloh qilib olmanglar! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo'rqingiz!" - dedi. 16.52 . Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo'lishi) vojibdir. Allohdan o'zgasidan qo'rqasizlarmi?! 16.53 . Sizlarda qaysi bir ne'mat bo'lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolborasizlar. 16.54 . So'ngra, (U) sizlardan (o'sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to'da (chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar. 16.55 . Bu ularga berganlarimizga noshukrchiliklaridir. Bas, (ey, mushriklar,) "foydalanib" qolinglar. Yaqinda, (qiyomat kunida haqiqatni) bilursizlar. 16.56 . Ular Biz rizq qilib bergan narsalardan o'zlari bilmaydigan narsa (butlari) uchun nasiba ajraturlar. (Ey, mushriklar), Allohga qasamki, albatta, sizlar o'zlaringiz to'qib olgan narsa (butlaringiz) to'g'risida, albatta, so'ralursizlar. 16.57 . Ular "Farishtalar Allohning qizlari" deyishib, da'vo qilishadi, U (bunday bo'htondan) pokdir. O'zlariga esa ko'ngillari xushlaydigan narsani (ya'ni, o'g'illarni) nisbat berishadi. 16.58 . Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketar. 16.59 . U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to'g'risida o'y surib), o'ziga xushxabar berilgan narsaning "yomon"ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo'lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir. 16.60 . Oxiratga imon keltirmaydiganlarda yomon masal bordir. Allohda esa eng oliy masal (sifat) bordir. U qudrat va hikmat egasidir.
|